Obama Putin va Medvedev bilan til topishish harakatida

Prezident Barak Obama kelasi hafta Rossiyaga yo’l oladi. Gruziyadagi urush, NATOning kengayishi, Yevropada rejalangan mudofaa tizimi kabi mavzular ikki davlat aloqalariga sovuqlik olib kirgan.

Obama Kremlni o’tmish ginalarini unutishga, kelishib ishlashga chaqirmoqda.

Moskvaga safari chog’ida Barak Obama prezident Dmitriy Medvedev, Bosh vazir Vladimir Putin bilan uchrashadi.

Kun tartibidagi asosiy mavzu – muddati tugab borayotgan Strategik qurollarni kamaytirish bitimini yangilash.

Obama fikricha, har ikki arbob bilan maslahat qilish lozim – Bosh vazir Putin hamon qudratli siyosatchi, deydi u. AQSh rahbari nazarida prezident Medvedev Sovuq urush davri – o’tmishda ekanini, AQSh-Rossiya aloqalari yangicha yondashuv talab qilishini tushunadi. Ammo Putin aksincha.

“Putin Rossiyada hamon ulkan nufuz-kuchga ega. Medvedev bilan ishlar ekanmiz, Putin ham eski, Sovuq urush davriga xos qarashlardan qutulishi kerak”, - deydi Obama.

Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Fanlar Markazi xodimi Endryu Kuchins fikricha, Obama ko’proq vaqtni Putin bilan muzokaraga sarflashi kerak.

“Moskva safarining ahamiyati ana shunda”, - deydi olim. “Chunki Putin Rossiyadagi eng qudratli va muhim siyosiy arbob. Bunga shubha yo’q”, - deydi Kuchins.

Shuningdek, prezident Obama Rossiyada nutq so’zlab, fuqarolar va muxolifat bilan ko’rishadi.

Oq Uy rasmiysi Denis MakDono ta’rificha, Obama o’z nutqida AQSh-Rossiya aloqalari, kuchli davlatlar mas’uliyati va kelajak haqida so’zlaydi.

Moskvadan so’ng AQSh prezidenti Italiyadagi “Katta Sakkizlik” sammitiga jo’naydi.