Bugun Yaponiyaning Nara shahrida mamlakat sobiq bosh vaziri Shinzo Abe hayotiga suiqasd uyushtirildi. 41 yashar sobiq harbiy uni ko’chada qo’lbola to’pponchadan otib o’ldirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Xalqaro hayot - 8-iyul, 2022-yil
Abe yakshanba kunga belgilangan Senatga saylovdan oldin tashviqot kampaniyasi doirasida saylovchilar bilan uchrashayotgan payt otilgan. Bo’yni va ko’kragidan o’q yeb, hushidan ketgan. Sobiq davlat rahbari vertolyotda kasalxonaga olib ketildi, biroq hushiga kelmasdan vafot etdi.
Uning qotili qo’lga olindi. Tetsuya Yamagami ismli bu odamning aytishicha, u Abe siyosatidan norozi bo’lgan va uni anchadan beri o’ldirmoqchi bo’lgan.
Qurol qattiq nazorat qilinadigan va siyosiy zo’ravonlik kamdan-kam uchraydigan Yaponiyada sodir bo’lgan bu hujum ko’plarni shokka tushirdi.
Amaldagi bosh vazir Fumio Kishida hujumni qoraladi.
Ikki muddat bosh vazirlik qilgan Abe 2020-yilda sog’lig’i tufayli iste’foga chiqqan edi.
Yakshanba kungi saylov qoldirilishi mumkin.
Davlat rahbarlari Abening hayotiga hujumni qoralab, oila a’zolari, Yaponiya xalqiga hamdardlik bildirishdi.