AQSh o'qimishli afg'onlarning mamlakatdan chiqib ketishiga sabab bo'ladimi?

  • Amerika Ovozi

AQShning ayrim afg’onlar va oilalari uchun qochqinlik dasturini kengaytirganini Amerika moliyalagan dasturlarda qatnashgan odamlar olqishlamoqda, biroq ba’zi vatandoshlariga ko’ra, bunday siyosat Afg’onistondan mutaxassislarning chiqib ketishiga sabab bo’lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-avgust, 2021-yil

28 yashar Sina Ravish so’nggi 4 yildan beri “Bolalarni asrang” tashkilotida ishlab keladi. U AQSh qo’shinlari mamlakatni butunlay tark etsa va Tolibon hokimiyatni qo’lga olsa, jangarilar nishoniga aylanishidan xavotirda.

“Yaqingacha ko’chada bemalol yurardik, do’stlarimiz, qarindoshlarimiz bilan ko’rishib turardik, bordi-keldi qilardik. So’nggi 3 oydan beri uydan ishlayapman. Bizga ko’p tahdidlar bo’lyapti”, - deydi Ravish.

Vashington Afg’onistonda AQSh loyihalarida ishlagan va jangarilar nishoniga aylanishi mumkin bo’lgan afg’onlar uchun yangi qochqinlik dasturini e’lon qildi. Ravish nazarida, bu ba’zilar uchun yaxshi imkoniyat.

“Demokratiya, fuqaro huquqlari, inson huquqlariga ishongan ayollar va erkaklar Tolibon boshqaruvi ostida yashay olmaydi”, - deydi u.

Biroq boshqalarning ogohlantirishicha, bu o’qimishli, iste’dodli yoshlarning chiqib ketishiga olib keladi.

“Aholining savodli, yosh, mamlakatni qutqara oladigan tabaqasi uni tark etmoqda”, - deydi siyosiy tahlilchi Najib Ozod.

Ba’zilar nazarida, davomiy tinchlikgina bu jarayonning oldini olishi mumkin.

“Urush bo’lmaganida hech kim Afg’onistondan qochmas edi”, - deydi talaba Muhammad Yusuf.

So’nggi oylarda tinch aholi, xususan inson huquqlari faollariga qarshi hujumlar ko’paygan. BMT hisobiga ko’ra, joriy yilning birinchi yarmida 400 dan ziyod odam ataylab nishonga olingan.