Afg'onistonlik prokuror ayollar xalqaro hamjamiyatdan najot so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Oliy sudining binosi

Afg’onistonda yaqingacha prokurorlik qilgan ayollar Tolibon va harakat ozod etgan minglab mahbuslardan qo’rqishini aytadi. Kobuldagi Bosh prokuraturada ishlagan ayollarning aytishicha, toliblar so’nggi 20 yilda ko’plab prokuror va rasmiylarni o’ldirgan. Ular xalqaro hamjamiyatdan xavfsiz joyga ko’chirilishda yordam so’ramoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 8-sentabr, 2021-yil

“O’zimizni xavfsiz his qilmaymiz. Uydan chiqa olmayapmiz hatto. Xalqaro hamjamiyatdan ayollar masalasida bir qarorga kelishni so’raymiz, ayniqsa prokuror ayollar masalasida, chunki hayotimiz xavf ostida”, - deydi ulardan biri.

Tolibon o’tgan oy hokimiyatni qo’lga olganida minglab mahkumlarni qamoqxonalardan chiqarib yuborgan. Prokuror ayollar ba’zilarining qasos olishga kelishidan xavotirda.

“Tolibon prokurorlarni nishonga olishga va’da qilgan videolar bor. Ba’zi hamkasblarimizga qamoqda o’tirib chiqqan odamlardan smslar, qo’ng’iroqlar kelyapti”, - deydi yana bir ayol.

Prokuror ayollar Tolibon xotin-qizlar huquqlarini toptashidan, ularni ishlash huquqidan mahrum qilishidan ham xavotirda.

“Yangi hukumat ayollarning ishga chiqishiga ruxsat beradi deb o’ylamayman. Balki faqat o’qituvchi va shifokor ayollar ishga qaytar”, - deydi yana bir prokuror.

O’tgan oy Tolibon ayollarga uyda o’tirishni tayinlab, bu yangi qoidalar ishlab chiqarilmaguncha ayollarni himoya qilishga qaratilgan vaqtincha chora ekanini aytgan.