Afg’onistonnining birinchi ayol generali

  • Amerika Ovozi

Afg’oniston qurolli kuchlarida qariyb 1700 ayol xizmat qiladi. Hukumat armiya safida xotin-qizlar sonini oshirish tashabbuslari bilan chiqmoqda. Afg’onistonning birinchi ayol generali va parashutchi Katol Muhammadzay bu yo’lda boshqalarga o’rnak.

30 yildirki u afg’on armiyasida xizmat qiladi. Maxsus treninglardan o’tgan. Parashutda 600 martadan ko’p sakragan. Qator mukofot va medallarga erishgan.

Lekin general unvonini ololmagan edi. 2001-yilda xalqaro koalitsiya Tolibonni mag’lub etgach, bunga erishdi. Tanishing - Katol Muhammadzay, Afg’onistonnining birinchi ayol generali.

“Shaharda forma kiyib yursam, odamlar havas qilishadi. Ayniqsa yoshlar menga o’xshagisi keladi. Ularni armiyaga qo’shilishga undayman. Menga, kasbimga mehr bilan qarashadi”, - deydi general Muhammadzay.

Afg’onistonda harbiy bo’lish ayollar uchun oson emas. Avvalo oilasi yoki erkak hamkasblarining qarshiligiga uchrashi mumkin. Xotin-qizlarga erkaklarchalik imkoniyat berilmaydi. Qolaversa, xavfsizlik masalasi bor.

Kobuldagi Marshal Fahim harbiy akademiyasida 103 nafar kursant ayollar jamiyatdagi eskicha qarashlarni o’zgartirishga kirishgan.

“Maqsadim general Katol va undan yuqori darajalarga erishish, xalqimning xavfsizligi yo’lida xizmat qilish”, - deydi ulardan biri.

Akademiyada ayol va erkaklar alohida mashq qiladi, lekin mashg’ulotlar o’xshash. Jismoniy tarbiya, qurol ishlatish, tibbiy yordam ko’rsatish treninglaridan o’tishadi.

General Katol ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga undab keladi.

“Afg’on bayrog’ini dunyo bo’ylab ko’tarishga bilim va mehnat bilan erishdim. Hurmatli erkaklar, aka-ukalar, qizlaringizni o’qiting, ularga yo’l oching”, - deydi u.

Mudofaa vazirligiga ko’ra, afg’on milliy armiyasida 1700 nafar ayol xizmatda, ya’ni askarlarning bir foizi.