To'rt davlat afg'on tinchlik jarayonini jonlantirish uchun Kobulda to'plandi

  • Amerika Ovozi

Majlis payti

Afg'on tinchlik muzokaralarini jonlantirishga qaratilgan AQSh, Xitoy, Pokiston va Afg'oniston rasmiylari ishtirokidagi ikkinchi majlis bugun Kobulda o'tdi. Tomonlar ilk bor o'tgan hafta Islomobodda muloqot qildi.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniyning tadbir ochilishida aytishicha, Tolibon bilan muzokaralar cheksiz davom etmasligi, tinchlik o'rnatilishi uchun aniq reja ishlab chiqilishi zarur.

Rabboniy Tolibon va unga ittifoqchi barcha guruhlarni muloqot orqali tinchlikka chaqirdi. Hozircha hech bir guruh muzokaralarda qatnashish istagini bildirmagan.

Afg'oniston hukumati o'tgan yil iyulida toliblar bilan gaplasha boshlagan edi, biroq harakatning uzoq yillik rahbari Mulla Umarning ancha oldin vafot etgani yuzaga chiqqach, Tolibon ichida hokimiyat uchun kurash boshlanib, jangarilar muzokaradan chiqdi.

Afg'oniston hukumati qo'shni Pokiston Tolibonga o'z ta'sirini o'tkazib, uni jarayonga qo'shilishga ko'ndira olishiga umid qilmoqda.

Islomobod Tolibonga ta'siri cheklangan ekanini aytmoqda. Afg'on hukumati o'tmishda Pokistonni Tolibon bilan til biriktirganlikda ayblagan. O'rtadagi ishonchsizlik jarayonga zarar yetkazmasligi uchun unga Xitoy va AQSh taklif etilgan.

Majlis so'nggida tomonlar bayonot qabul qilib, keyingi gal 6-fevralda Islomobodda uchrashishga kelishib oldi.

Bayonotda aytilishicha, tomonlar terror guruhlarining har qanday ko'rinishiga qarshi hamkorlikda kurashish zaruratini urg'uladi.