Afg'on rasmiysi: Tolibon bilan muzokaraga astoydil zo'r beraylik

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzay (o'ngda) va Pokiston Tashqi ishlar vazirligidan Sartaj Aziz Islomobodda ko'rishmoqda. 11-yanvar, 2016-yil.

Afg'oniston mulozimining ishonchi komilki, Tolibon bilan muzokaraga astoydil zo'r berilsa, natija bo'ladi. Zulm va zo'ravonlik barham topadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg'on rasmiysi: Tolibon bilan muzokaraga astoydil zo'r beraylik-Nasiba Tohir

Afg'oniston, Amerika, Pokiston va Xitoy diplomatlari dushanba kuni Islomobodda majlis qilib, Tolibon bilan muloqot istiqbolini muhokama qildi.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Hikmat Halil Karzayning aytishicha, to'rt davlat vakillari kelasi hafta, 18-yanvarda Kobulda yana uchrashadi.

"Afg'oniston samarali yechim taklif qilayapti. Uni Pokiston, Xitoy va Amerika diplomatlariga havola qildik. Reja uch bosqichdan iborat. Birinchidan, muzokaradan oldingi jarayon. Ikkinchidan, tinchlik muloqoti, ya'ni toliblar bilan to'g'ridan-to'g'ri dialog. Uchinchidan, muzokara shartlarining ijrosi", - deydi Karzay.

Afg'on va Amerika mutasaddilarining ta'kidlashicha, Tolibon rahbariyati Pokistonda yashiringan. Pokiston armiyasi toliblarni Afg'onistonda o'z manfaatlari yo'lida qurol qilib ishlatmoqda, degan ayblovlar bor.

Bu da'volarga qaramay, Karzay yangi sa'y-harakatlardan umidvor.

"Chunki juda ishonchli va strategik ittifoqchilarimiz, ikki yirik davlat jarayonni kuzatmoqda. Afg'onlar ba'zida juda ikkilanib, gumonga botsa-da, AQShva Xitoy dalda berib turgani odamga ishonch bag'ishlaydi", - deydi Karzay.

Tolibon muloqotga rozimi-yo'qmi, hali noaniq.

Karzayning aytishicha, Kobul isyonchi guruhlar bilan gaplashishga shay. Xalq va hukumatning sabri tugab borayotgani ham haqiqat, deydi u.

Afg'on armiyasi qurolini qo'ymaydigan guruhlarga qarshi jon-jahdi bilan kurashadi, deya eslatadi rasmiy.