Karzay: Tolibon G'arb bilan emas, biz bilan gaplashsin

  • Amerika Ovozi
Afg’oniston rahbari Hamid Karzayning ta’kidlashicha, Tolibon bilan har qanday muzokaralar hukumat orqali va uning yetakchiligida amalga oshirilishi kerak. Lekin, ma’lumki, toliblar afg’on hukumatini tan olmaydi, uni G’arbning qo’lida o’yinchoq deb biladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Hamid Karzay: Tolibon biz bilan gaplashsin/Shohruh Hamro


Kobuldagi bir anjumanda so’zlagan prezident Karzay hukumatni chetlagan holda Tolibon bilan gaplashish harakatlari natija bermaydi, xunrezlik davom etishiga olib keladi, deya bayon qildi.

Uning xavotirlari bejiz emas. Norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, G’arb davlatlari Afg’onistondagi nufuzli qo’mondonlaru siyosatchilar orqali jangarilar bilan xufyona kelishuvga erishishga harakat qilayapti.

Hamid Karzay deydiki, muzokara faqat Tinchlik oliy kengashi, 2010-yilda hukumat tuzgan bu organ orqali olib borilishi kerak.

Prezident anjumanda qatnashgan turli mazhab yetakchilarini chetdan kelayotgan taklif-tashabbuslarni rad etishga undadi. Tinchlikka erishish uchun biz o’zimiz mas’ulmiz, toliblar uchinchi bir tomon bilan emas, biz bilan gaplashsin, deydi Karzay.

Eslatish joiz, o’tgan yilning dekabrida Fransiya Afg’oniston kelajagi yuzasidan xalqaro anjumanga mezbonlik qilgan. Unda Tolibon, Tinchlik oliy kengashi va Shimoliy Alyans vakillari qatnashgan edi.

Ammo Karzayning xorijiy davlatlar bu jarayonga aralashmasin degan so’nggi da’vatlari taajjub uyg’otyapti.

AQSh Tinchlik instituti olimi Endryu Vaylder fikricha, afg’on rahbari regiondagi ayrim o’yinchilar hamda Qo’shma Shtatlarga ishora qilayotgan bo’lishi mumkin.

“Lekin gap shundaki, tinchlik jarayoni bir guruh boshqaradigan narsa emas, ayniqsa, o’zingiz ham nizolashayotgan tomonlardan biri bo’lsangiz. Bu ko’p tomonlama ishtirok talab etadigan murakkab protsess”, - deydi Vaylder.

Buning ustiga, Tolibon Karzay ma’muriyati bilan bevosita gaplashmaymiz deb keladi. So’nggi bayonotida ular Afg’oniston hukumatini AQSh himoyasidagi noqonuniy tuzum deb tanqid qilgan.

Kobullik siyosatshunos Umar Sharifiy ta’biricha, jangarilarning maqsadi Afg’onistonda demokratik siyosiy tizimni barbod qilish.

“Ular bunga erishayapti desak ham bo’ladi. Hukumat ichida hammani bir-biriga qayrab, adovatni kuchaytirishga harakat qilishyapti”, - deydi u.

Janob Karzayning bayonotlari Afg’oniston va Pokiston o’rtasida chinakam harbiy hamkorlik kurtak otayotgan bir paytda yangrayapti. Sal avval Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy mintaqada tinchlik qaror topishi uchun qo’shni davlat bilan hamkorlikka tayyor ekanini aytgan.

Tolibonni muzokaraga ko’ndirish maqsadida Islomobod so’nggi oylarda Tolibon yetakchilaridan bir nechasini ozod etgan. Lekin tahlilchi Endryu Vaylder fikricha, Pokistonning asl maqsadi boshqa, ya’ni Tolibonni Afg’oniston hukumatiga kiritib, o’z nufuzini oshirish.