Abdulla Abdulla: Tolibon bilan yaqinda muzokara boshlanadi

  • Amerika Ovozi

Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla

Afg'oniston Bosh vaziri Abdulla Abdulla Vazirlar mahkamasi majlisida tez kunlarda Tolibon bilan tinchlik muloqoti boshlanishi haqida ma'lum qildi. Abdulla muzokaralar qachon boshlanishi haqida so'z ochmadi, biroq muloqotga tayyorgarlik ketayotgani haqida gapirdi.

Muzokaralar mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi degan umiddamiz, dedi u.

“Afg'onistonliklarning aksariyati tinchlik bo'lishini istaydi. Umid qilamizki, Tolibon bilan muloqot natijasi shunga olib keladi. Biroq so'nggi 13 yilda erishilgan yutuqlardan voz kechmaymiz", - dedi u ayollar huquqlarini nazarda tutib.

Toliblar davrida ayollar erkaksiz hatto ko'chaga ham chiqolmagan.

Tolibon xorijiy qo'shinlar mamlakatni tark etmaguncha muzokara qilmaymiz, deb keladi.

"Bu siyosatimiz o'zgargani yo'q", - deydi guruh vakili Zabihulla Mujohid.

Ayni damda Afg'onistonda AQShning 10 ming askari bor.

Tolibonga ko'ra, Afg'oniston xorijiy kuchlar istilosida. Jangarilar Prezident Ashraf G'ani boshliq hukumatni korrupsiyada ayblaydi. Harakat Kobul bilan muzokara masalasini muhokama etish uchun Islomobodga vakillarini yuborayotgani haqida Pokiston matbuotida chiqqan xabarlarni yolg'on, dedi.