Tolibon: Hech kim bilan tinchlik muloqoti olib bormayapmiz

  • Amerika Ovozi

Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha afg'on rasmiylari va Tolibon turlicha ma'lumot bermoqda. Tinchlik muzokaralari boshi berk ko'chada.

Afg'oniston va Pokiston rasmiylari Tolibon bilan mart oyida muzokara boshlanadi deya xabar bergan edi. Tolibon esa buni inkor etib, hukumat bilan hech qanday muloqot bo'lmagan va bo'lmaydi deya ta'kidlamoqda.

Tolibon maxfiy tarzda Pokiston hukumati bilan muzokara olib bormoqda degan ma'lumotlar ham tasdig'ini topmagan.

"Qatardagi rasmiy idoramiz vakillari hech bir davlatga borgani yo'q", - deyiladi Tolibon bayonotida.

Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla Tolibon bilan tinchlik muloqotini boshlash tarafdori. Rasmiylar yaqin orada siljish bo'ladi deya qayd etmoqda.

Pokiston rahbari maslahatchilaridan biri Sartoj Aziz ham bundan umidvor.

Ayrim manbalarga ko'ra, Tolibon o'z safidagi mafkuraviy va siyosiy tarqoqlikni yashirish uchun hukumatlar bilan muzokaralarni atayin inkor etmoqda.

Harakat a'zolarining asosiy sharti - Afg'onistondan xorijlik kuchlar butunlay chiqib ketsin. Muloqot undan keyin boshlanadi, degan talab kuchli.

Shu oy oxirida Prezident G'ani va Bosh vazir Abdulla AQShga tashrif buyurishi kutilmoqda.