Afg'onistonda aholi orasida qurbonlar 25 foizga ko'paygan

  • Amerika Ovozi

BMTning so'nggi hisobiga ko'ra, o'tgan yili Afg'onistonda zo'ravonliklardan 2013-yilga qaraganda 25 foizga ko'p odam nobud bo'lgan.

Aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, xurujlar salkam 3699 odamni hayotdan olib ketgan, taxminan 6849 odam jarohat olgan (22 foizga ko'p). Bu 2009-yildan beri eng yuqori ko'rsatkich.

Hisobotda aytilishicha, jangarilar aholi punktlarida granatamyot, raketa, granatalarni ko'p ishga solmoqda. Suiqasd xurujlarining ham ortgani qayd etiladi.

Bunga sabablardan biri sifatida o'tgan yil oxirida xalqaro kuchlarning mamlakatni tark etgani ko'rsatilmoqda.

Tolibon va boshqa jangari guruhlar tinch aholi orasida talofatlarning 72 foiziga sabab bo'lgan, qurbonlarning 14 foizi afg'on askarlari va xalqaro kuchlar o'qidan o'lgan, deyiladi BMT hisobotida.

Tashkilot joriy yilda zo'ravonliklar kuchayishini bashorat qilmoqda. Qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalar ekani aytiladi.

Tolibon BMT hisobotini rad etib, uni noxolislikda ayblagan.