Pokiston va Afg'oniston narkotrafikka qarshi kurashni kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Terrorizmga qarshi kurash va chegara xavfsizligini mustahkamlash bo'yicha Islomobod va Kobul hamkorlikni kuchaytirib bormoqda. Ikki davlat narkotiklar savdosiga qarshi qo'shma harakatlarini ham jonlantiradi, degan umidlar bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Giyohvandlikka qarshi kurash, Behzod Muhammadiy

Afg'onistonda noqonuniy giyohvand moddalar yetishtirishni to'xtatish uchun katta sarmoya sarflanayotganiga qaramay, BMT ma'lumotiga ko'ra, ko'knor o'stirish oxirgi uch yilda faqat o'sib bormoqda. Pokiston rasmiylarining aytishicha, NATO kuchlari Afg'onistonni tark etishi narkotik moddalarga qarshi kurashni susaytiradi.

Islomobodning narkotiklarga qarshi kurash bo'yicha bosh rasmiysi general-mayor Xovar Hanifning ta'kidlashicha, Afg'onistonning bu muammosini xalqaro hamjamiyat yordamisiz hal etib bo'lmaydi.

"Hozirgi afg'on hukumatining chegara nazoratini kuchaytirish hamda narkotiklarga qarshi kurash bo'yicha sa'y-harakatlari ijobiy. Lekin giyohvandlik muammosiga mos ravishda xalqaro yordam bo'lmas ekan, mintaqa hech qachon bu inqirozdan chiqmaydi. Ko'knor yetishtirish va giyohvand moddalar ishlab chiqarish muammosini afg'onlarning o'ziga tashlab qo'yish yechim emas", - deydi u.

Pokiston Afg'oniston bilan 2500 kilometrli chegaraga ega. General Hanifning aytishicha, bunday katta hududda terrorizm va narkotraffikka qarshi kurashish oson emas.

"Chegaradagi ko'plab qishloqlar o'rtada qatnovlar bo'lib turishini ta'minlaydi. Bu davlatdan bitta qishloqqa kirsangiz, narigi tomonidan boshqa bir davlatga chiqib ketasiz. Bu yerlarda huquq-tartibot organlari qo'riqlamaydigan ikki yuzga yaqin o'tish yo'laklari bor", - deydi Pokiston rasmiysi.

Xavfsizlk choralarini kuchaytirish bo'yicha so'nggi paytlarda Pokiston va Afg'oniston harbiy hamkorlikni oshirmoqda. Chegarada yuz bergan to'qnashuvlarni tekshirish uchun ham tomonlar muzokaraga kirishgan.
BMTning narkotiklarga qarshi kurash bo'yicha Pokistondagi vakili Sezar Guedesga ko'ra, vaziyatning izdan chiqqani zudlik bilan qo'shma choralar ko'rishni taqozo etadi.

"Dunyoning bu qismida narkotraffikka qarshi kurashda o'zaro hamkorlik muvaffaqiyat uchun juda muhim. Asosiy mahsulot manbai bo'lgan bir davlat va bu mahsulotni jahonga chiqarishda bosh tranzit yo'lagiga aylangan ikkinchi davlat birlashishi, ularning bu muammoga aloqador barcha sektorlari birgalikda professional ishlashi lozim", - deydi ekspert.

Guedesning aytishicha, Afg'onistonda ishlab chiqarilgan giyohvand moddalarning asosiy mijozlari Yevropada bo'lib, Pokiston asosiy tranzit yo'lagi vazifasini bajaradi.

"Afg'onistonda yetishtirilgan afyunning 45-50 foizi Pokiston orqali xalqaro bozorga chiqadi. 30 foizi Eron islomiy respublikasidan, 20 foizi esa Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiya va Yevropaga o'tadi", - deydi BMT vakili.

Pokiston rasmiylari da'vosiga ko'ra, Afg'onistonda giyohvand moddalarning ko'payishi qo'shni yurtda kashandalar sonining oshishiga hissa qo'shmoqda.