Afg'onistondan xorijiy diplomatlar va fuqarolarni evakuatsiya qilish davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh va boshqa mamlakatlar diplomatlari va fuqarolarini Afg’onistondan chiqarishda davom etmoqda. Amerikaliklar bilan birga AQSh harbiylariga yordam bergan minglab afg’onlar ham evakuatsiya qilinmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 18-avgust, 2021-yil

“Bir necha guruh birinchilardan evakuatsiya qilinadi – Amerika fuqarolari, elchixonamiz xodimlari va ularning oilalari, maxsus muhojirlik vizasini olgan va ariza bergan afg’onlar, qochqinlik dasturlariga muvofiq keladigan odamlar, jumladan ommaviy axborot vositalari va boshqa tashkilotlarga yordam berganlar”, - dedi Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psaki.

Seshanba oqshomiga qadar 5200 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Oq uy Tolibonga evakuatsiya avgust oxirigacha davom etishini ma’lum qildi.

“Tolibon odamlarga aeroportgacha eson-omon yetib borishlariga imkon berishini ma’lum qildi. O’z so’zida turishadi deya umid qilamiz”, - deydi AQSh prezidentining milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan.

Seshanba kuni Tolibon mamlakatda nazorat o’rnatganidan beri ilk matbuot anjumanini o’tkazdi. Harakatning jurnalistlarga ko’p intervyu bergan, biroq shu paytgacha jamoatchilikka ko’rinmay kelgan so’zlovchisi Zabihulla Mujohid Afg’oniston terrorchilarga boshpana bermaydi, ayollar huquqlari shariatga ko’ra himoya qilinadi, deb va’da berdi.

Tolibonga qarshi jang qilganlarga amnistiya e’lon qilinadi, yangi hukumatga turli guruhlardan vakillar kiradi, dedi u.

“Urushni davom ettirish niyatimiz yo’q. Afg’onistonda tinchlik bo’lishi tarafdorimiz, shu sabab muzokaralarda qatnashib keldik”, - dedi Mujohid.

Tolibonning o’tmishdagi zo’ravonliklariga guvoh bo’lganlar berilayotgan va’dalarning samimiy ekanini savol ostiga qo’ymoqda.

Amerika fuqarolari va afg’on ittifoqchilarini xavfsiz evakuatsiya qilishda Tolibon bilan hamkorlikni uddalash Bayden ma’muriyati uchun muhim sinov bo’ladi.

“Tolibon qator jarayonlarga mas’uliyat bilan qol urgan ko’rinadi. Bundan tashqari terrorizmning kelajakdagi ehtimoliy tahdidi, mintaqada hamkorlik, uzoq muddatli strategiyaga ham e’tibor beramiz. Afg’onistonda va dunyoda ishonchni qozonishga imkoniyat bor. Biroq bu qattiq mehnat va konkret natijalar talab qiladi”, - deydi Afg’onistonda ishlagan sobiq diplomat Erl Entoni Veyn.

AQShda nafaqat respublikachilar, balki Prezident Jo Baydenning ayrim demokrat partiyadoshlari ham Amerika qo’shinlarining Afg’onistondan shoshilinch va tartibsiz ravishda olib chiqilishiga tanqidiy munosabat bildirmoqda.