Afg’onistonda tinchlik anjumani ish boshlar ekan, Tolibon xurujlar sodir etdi

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda bugun tinchlik bo’yicha uch kunlik yirik anjuman ish boshlar ekan, Kobul portlash va otishmadan larzaga kelgan.

Xurujlar prezident Hamid Karzay anjumanni ochib, 1600 qatnashchiga murojaat qilayotgan payt ro’y bergan. Tolibon bu uning ishi ekanini aytmoqda.

Portlashlar tinchlik konferensiyasi o’tayotgan bino yaqinida sodir etilgan. Politsiya yig’inga kirishga uringan yana ikki terrrochini yo’q qilib ulgurgan. Bir kishi qamoqda. O’sha dam so’zlayotgan prezident Hamid Karzay ishtirokchilar, siyosiy arbob va qabila yetakchilarini vahima qilmaslikka da’vat etgan.

Uch kunlik anjumanda Afg’onistonning turli burchaklaridan kelgan vakillar qatnashmoqda. Tolibon bilan muloqot, uning shartlari, bu vazifani kimga yuklash kabi mavzular muhokamada.

Majlis munosabati bilan Kobulda qayoqqa qaramang, hozir minglab askarlar. Toliblar esa uni boykot qilib, “keraksiz tomosha” deb ta’riflamoqda.

Majlis davomida rais va kotiblar tanlanib, qatnashchilar bir necha guruhga bo’linadi va o’zaro bahs qiladi. Tadbirning uchinchi, yakuniy kunida esa har bir guruh o’z taklif-mulohazasini bayon qiladi.

Tahlilchi Xorun Mir nazarida bu prezident Hamid Karzay uchun muhim bir qadam. Shu yil iyulida Kobulda xalqaro konferensiya rejalangan. “Bu sammit oldidan afg’on rahbari salmoqli yechim bilan chiqishi kerak”, - deydi olim. “Xalq bilan maslahat qildim, Tolibonni tinchlikka da’vat qilish yo’llari mana bu, degan ma’noda”. Xalqaro hamjamiyatdan mablag’, yordam olish uchun bu muhim.

Fotima Aziz jirg’a qatnashchilaridan, parlament a’zosi. Toliblar bilan murosa qilish qiyin, ularning mafkurasi, ayollarga nisbatan ayovsiz siyosati bois, deydi u. Birgina yo’li bor – toliblar hukumat talablarini qabul qilib, Konstitutsiyani tan olishi kerak, deydi ayol.