BMT: Tolibon namoyishchilarga zug'um qilmoqda

  • Amerika Ovozi

BMTning Inson huquqlari bo’yicha oliy komissari matbuot kotibasi Ravina Shamdasanining aytishicha, so’nggi paytda Tolibonning tinch namoyishlarga munosabati zo’ravonlashib bormoqda; odamlarga qarshi haqiqiy o‘q ishlatilishi, do’pposlash va savalashlar natijasida kamida 4 namoyshchi o’lgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-sentabr, 2021-yil

“Toliblar uyma-uy yurib, namoyishlarda qatnashganlarni qidirmoqda. Jarayonlarni yoritayotgan jurnalistlar ham ta’qib etilyapti, kaltaklangan muxbirlardan birining boshini olishga do’q-po’pisa qilishgan”, - deydi rasmiy.

O’z yurtidagi zo’ravonliklardan qochayotgan afg’onlar qo’shni Pokistonga o’tib ketmoqda. Bir oila boshining aytishicha, u rafiqasi va olti farzandi bilan Lashkar-Gohdan avval Qandahorga, so’ng Pokistonga o’tgan.

“Bu yerda bizga hech kim yordam berayotgani yo’q. Na bu mamlakat, na boshqa bir xorijiy davlat”, - deydi u.

Chegaradan o’tayotganlar Chaman shahrida qolib, palatkalar yoki qurilishi chala qolgan binolarda yashashmoqda.

Joriy yilda 500 mingdan ziyod afg’on uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan.

Pokistonda 1,4 million afg’on qochqinlari yashaydi, Eronda esa salkam bir million. Hujjatsiz va ro’yxatga olinmagan ko’plab afg’onlar ham bor.

Tolibon hokimiyatga kelishi bilan Afg’onistonda hayot uslubi, madaniyat o’zgarib bormoqda. Masalan, do’konlardan jinsi shim va futbolkalar yo’qolib, rastalarda milliy kiyim-kechak ko’paygan.

"Odamlar jinsi kiyim olmay qo’ydi. Hamma milliy, an’anaviy kiyimlarni sotib olyapti”, - deydi Abdul Hamid ismli savdogarlardan biri.

Siyosiy inqiroz tufayli Afg’onistonda inflyatsiya kuchaygan, qurg’oqchilik oziq-ovqat kamomadiga ham sabab bo’lmoqda, mamlakatlar elchixonalarini yopib, gumanitar yordam oqimi to’xtagan.