Afg'on shoiri: She'rlarim O'zbekistonga ham yetib borsin

Your browser doesn’t support HTML5

Yosh shoir Dastgir Farhudning “Havvodan tortib bugungacha qizlar go’zal” nomli ilk asari nashr etilib, uning taqdimoti o’tkazildi. 110 ta ruboiydan iborat to’plam - Farhudning bir necha yillik mehnati samarasi.

Kitobning o’ziga xos xususiyatlaridan biri shuki, birinchi bor Afg’onistonda lotin yozuvida o’zbekcha asar chiqmoqda.

“She’rlarim O’zbekistonga ham yetib borsa, u yerdagi tildoshlarim ham bemalol o’qiy olsin she’rlarimni, deb lotin yozuvida ham yozdim”, - deydi shoir.

Dastgir Farhud nazarida Afg’onistonda mutolaaga qiziqish juda past. Yoshlar texnologiyaga mukkasidan ketgan, deydi u.

Afg’onistonda har kim kitob chop etishi mumkin, chunki maqola yozish, kitob chop qilish va tarqatish bo’yicha hech qanday me’yor va to’siq yo’q.

“Yaxshi asar yozish mushkul ish, uni nashr qilish emas”, - deydi Farhud.
“Havvodan tortib bugungacha qizlar go’zal” Dastgir Farhudning birinchi asari ekan, u quvonchlari, hissiyotlari juda katta ekanini bildiradi.

“Ustozlar, shoir-yozuvchilar, tengdoshlarimning tashviq-targ’iblari menga bepoyon kuch bag’ishlaydi”, - deydi shoir.