Tolibon yangi hujumlar boshlashi haqida ogohlantirmoqda

  • Amerika Ovozi

Tolibon jangarilari

Tolibon bahor boshlanishi bilan Afg’onistonda xalqaro kuchlar hamda yuqori martabali hukumat rasmiylariga qarshi hujumlarni kuchaytirishi haqida ma’lum qildi.

Jangari guruh vebsaytiga qo’yilgan bayonotga ko’ra, “Xaybar” nomi bilan ataladigan yangi amaliyot 12-maydan boshlanadi. Unda “katta va yaxshi himoyalangan dushman bazalari”ga ichkaridan turib hujumlar uyushtirilishi haqida ogohlantiriladi.

“Maqsad bosqinchilarga maksimum darajada zarar yetkazish. Bu orada oddiy fuqarolar joniga va moliga shikast yetkazmaslikka harakat qilamiz”, - deyiladi Tolibon bayonotida.

Bayonot xalqaro kuchlar yil oxirigacha mamlakatni tark etishga hozirlanayotgan bir paytda e’lon qilindi.

Agar AQSh va Afg’oniston o’rtasida tuzilgan xavfsizlik bitimi tasdiqlansa, 2014-yildan keyin ham bir guruh AQSh askarlari qolishi mumkin. Ammo ular, asosan, maslahatchilik va mahalliy askarlarni tayyorgarlikdan o’tkazish vazifalari bilan mashg’ul bo’ladi.

AQSh boshchiligidagi xalqaro kuchlar 2001-yil Afg’onistonda Tolibonni hokimiyatdan ag’dargan edi. O’shandan beri jangari guruh amaldagi hukumatga va xalqaro kuchlarga qarshi yashirin hujumlarni amalga oshirib keladi.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi Tolibon bayonotini quruq tashviqot deb atab, milliy xavfsizlik kuchlari afg’on xalqi tinchligini saqlash uchun shay holatda ekanini ta’kidladi. Rasmiylarga ko’ra, Tolibon o’z zaifligini ana shunday tahdidli bayonotlar orqali yashirishga urinmoqda.

Tolibon 5-aprelda bo’lib o’tgan prezidentlik saylovini ham izdan chiqarishi haqida ogohlantirgan edi. Ammo ovoz berish belgilangan muddatda amalga oshib, unda jiddiy talofatlar ro'y bermadi.

Saylovnng birinchi bosqichida hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz to’play olmadi. Endi eng ko’p ovoz yig'gan ikki nomzod – Abdulloh Abdulloh hamda Ashraf G’ani 14-iyun kuni saylovning ikkinchi bosqichida bellashadi.