Afg'on parlamentiga AQSh bilan strategik hamkorlik bitimi ma'qul

  • Amerika Ovozi

Kobul ko'chalarida

Afg’oniston parlamentining quyi palatasi, qonunchilik organi, bugun Vashington bilan imzolangan strategik hamkorlik shartnomasini tasdiqladi.

Hujjat 2024-yilgacha bo’lgan davrni qoplaydi. Xavfsizlik, iqtisodiyot, taraqqiyot va boshqaruv bobida Amerika qanday yordam ko’rsatishga tayyor ekanini aks ettiradi.

Bitimga prezidentlar may oyi boshda imzo chekkan

Unda Amerika qo’shinlari qolishi yoki qancha sonda bo’lishi haqida biror gap yo’q. Faqatgina mahalliy kuchlar malakasini oshirish va xavfsizlik organlari xodimlarini tayyorlash uchun cheklangan miqdorda AQSh zobitlari xizmat qilishi qayd etilgan.

Bitim may boshida Kobulda prezidentlar Hamid Karzay va Barak Obama tomonidan imzolangan edi.

Bu orada Pokistonda AQShga tegishli qiruvchi samolyot hujumida uch jangari halok bo’lgan. Shimoliy Vaziriston mintaqasidagi asosiy shahar Miron Shohdan shunday xabar kelmoqda. Hudud Tolibon va al-Qoida bilan aloqador kuchlar manzili sanaladi.

Amerika ularni havodan nishonga olishda davom etarkan, Pokiston buni tahdid deb hisoblaydi. Mamlakat osmonida AQSh havo kuchlari yurishiga qarshi. Vashington bu operatsiyalar haqida lom-mim demaydi.