Afro-amerikalik musulmonlar: Ramazon biz uchun o’zgacha ahamiyat kasb etadi

Afro-amerikalik musulmonlar: Ramazon biz uchun o’zgacha ahamiyat kasb etadi

Jahonning qayeriga bormang, musulmonlar ro'za tutayotganini ko'rasiz. Shu jumladan Amerikada ham millionlab odamlar uchun hozir toat-ibodat, nafsni tiyish davri.

Bu mamlakatda musulmonlar soni taxminan sakkiz million. Ko'pchiligi qora tanlilar, ya'ni Afrika kelib chiqishiga ega insonlar. Aksariyatining avlod-ajdodlari Amerikaga qul qilib olib kelingan.

"Ramazon", deydi ular, "biz uchun o'zgacha bir ahamiyat kasb etadi".

Vashingtondagi Muhammad masjidida xufton namozi … Qo’shma Shtatlardagi ilk qora tanli musulmon jamoalardan biri shu yerda ildiz otgan. Bugun 500 dan ziyod afro-amerikalik oilalar bu masjidga kelib turadi. Markaz tarixi 1930-yillarga borib taqaladi…

Afro-amerikalik musulmonlar: Ramazon biz uchun o’zgacha ahamiyat kasb etadi

Tolib Sharif, AQSh Havo kuchlari faxriysi, Muhammad masjidiga yangi imom bo’lib keldi. Uning aytishicha, Amerikada qora tanlilarning musulmonchilikni qabul qilishi o’ziga xos tarixga ega.

“Afro-amerikaliklarning aksariyati nasroniy kelib chiqishiga ega odamlar. Islom bu jamoa hayotiga qanday kirib kelgani haqida qancha o’qisangiz, shuncha kam. Hatto oila a’zolarimiz islom haqida aniq bir tasavvurga ega emas, ko’proq ma’lumot berish, bilimni oshirish kerak. Chunki son jihatdan baribir ozchilikmiz”, - deydi imom.

24 yoshli Joselin Koul ikki dinga ibodat qiluvchi xonadonda o’tgan bolalik yillarini eslaydi. Uning onasi muntazam ravishda cherkovga qatnagan. Tug’ilishidan oldin esa otasi musulmonlikka kirgan.

“Ramazon oyida otam bilan bozorga chiqib, xurmo, meva-cheva sotib olganimiz, ro’za ochganimiz hamon yodimda. Juda yosh edim o’shanda, bu amallarning ma’nosini tushunmasdim. Otam bilan dasturxon atrofida o’tirganimizni yaxshi eslayman”, - deydi u.

Afro-amerikalik musulmonlar: Ramazon biz uchun o’zgacha ahamiyat kasb etadi

Muhammad masjidi bugun har qachongidan gavjum. Omma iftorga yig’ilgan. Oshpazlar tovuqdan tayyorlangan taomlarni dasturxonga tortish g’amida.

Ibrohim Mo’minning ota-bobolari qul o’tgan. Ramazon oyi, deydi u, do’st-birodarlar bilan yig’ilishib, suhbat qurish uchun ham imkoniyat. Uning nazarida Amerikada islom dini haqida ko’p nojo’ya gaplar tarqalgan.

“Yaqinda bir bazmga boruvdim. Qayerliksiz, deb so’rab qolishdi. Yurtdoshlarim o’ylaydiki, musulmonlarning hammasi Amerikaga ko’chib kelgan odamlar. Pasportimni chiqarib ko’rsatdim, “mana og’ayni, men ham shu mamlakat fuqarosimdan” deb”.

Imom Tolib Sharif afro-amerikaliklar ozodlik va tenglik uchun olib borgan kurashni, 1800-yillarda qullik changalidan qutulish harakatini islom dini an’analariga, ya’ni ma’naviy erkinlikka intilishga qiyoslaydi. Ana shu ma’noda, Ramazon biz uchun o’zgacha ma’no kasb etadi, deydi u.

“Amerikada qullikdan, kishandan xalos bo’lish uchun qattiq kurashgan irq vakillarimiz. Ana shu tajribadan kelib chiqib, islomga kirgan inson qulog’iga uch so’z chalinadi – erkinlik, adolat va tenglik. Biz shuni istaganmiz. Har bir inson shuni xohlaydi”.