Afg’oniston: Saylov natijalari 10-noyabrda e’lon qilinadi

  • Amerika Ovozi

Afg’onistonda 20-oktabr kuni o’tkazilgan parlament saylovlaridada to’rt million fuqaro ishtirok etgan, shundan 33 foizi ayollar. Mustaqil saylov komissiyasi to’qqiz million aholi ovoz berish hujjatlarini qo’lga kiritgani haqida xabar bergan edi.

Komissiya rasmiylari ishtirok ko’lami ozligini xavfsizlik muammolari bilan izohlaydi.

Ovoz berish oqimi juda sust ekani sababli ko’pchilik ovoz bermasdan qaytgan, chunki birinchi marta Afg’oniston saylovida yangi texnologiyadan foydalanildi. Ovoz beruvchilarning barmoq izlari va suratlari biometrik qurilmalar bilan yozib olindi. Bu esa ovoz berish jarayonini ancha sustlashtirgan.

Ammo kuzatuvchilar texnologiyadan foydalanganlik kelasi saylovlar uchun yaxshi tajriba ekanini ta’kidlamoqda.

Mustaqil saylov kommisiyasi raisi Abdul Badi Sayyodning bildirishicha, ovoz berish markazlarining 80 foizida biometrik qurilmalar ishlatilgan. Qolgan 20 foizida texnik muammolar sabab bu qurilmalar ishlamagan.

“Biometriksiz berilgan ovozlar diqqat bilan tekshiriladi, sanaladi. Saylov materiallarini Kobulga yetkazish ishi boshlangan, Panjshir va Parvon viloyatlaridan materiallar olib kelingan”, - deydi Sayyod.

Saylov natijalari 10-noyabr kuni e’lon qilinadi.

Saylov komissiyasi oldidagi eng asosiy muammo shikoyatlarni tekshirish va tahdidlarga qarshi turishdir. Ma’lumotlarga ko’ra, saylov kunining o’zida besh ming shikoyat qayd etilgan. Bu esa saylov natijasiga albatta ta’sir ko’rsatadi.

Tahdidlar va zo’ravon shaxslar ham komissiyani xavotirga solgan masalalardan. Mikrofoni yoqilib qolgan komissiya a’zolarining o’zaro suhbatida saylov komissiyasi a’zosi Vasima Bodg’isiy “agar hammamiz birlashmasak, bizni yeb qo’yishadilar”, deydi sherigi Hafizulla Hoshimiyga.

Bodg’isiy qandaydir hodisadan qo’rqib ketganini aytadi. Bu esa zo’ravon odamlar va hukumat ichidagi ayrim rasmiylarning saylovga aralashishga harakat qilayotganidan darak beradi.