Arab Ligasi mintaqaviy qo'shin tuzish haqida o'ylanmoqda

  • Amerika Ovozi

Liviya armiyasi qo'mondoni Xalifa Haftar "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashda harbiy yordam so'ramoqda. Liviya armiyasi malakasini oshirishda ham ko'mak zarur, dedi u. Askarlar soni yetarli, lekin qurol-yarog' tanqis, dedi Xalifa.

Arab Ligasi o'tgan hafta "Islomiy davlat" guruhiga qarshi mintaqaviy qo'shinlar tuzish zaruratini muhokama qilgan edi.

Qohirada asoslangan tahlilchi Hisham Qosimning aytishicha, region davlatlarida boshqa yo'l yo'q. Gap faqat Liviya haqida emas, deydi u.

"Afrika g'arbidan Afg'onistonga qadar cho'zilgan terror chizig'i haqida gapirayapmiz", - deydi u.

Hisham Qosimga ko'ra, Arab Ligasi armiyasini tuzish oson bo'lmaydi. Ba'zi davlatlar faqat ichki nizolar bilan band va chetga askar jo'natishni xohlamaydi. Mintaqada eng qudratli armiyaga ega Misr asosiy mas'uliyatni o'z bo'yniga olishi kerak bo'ladi, lekin Misr qurolli kuchlari davlatlar bilan jang qilishga moslashgan, isyonchilar bilan olishishga o'rganmagan.

Iordaniya armiyasi ham salmoqli kuch hisoblanadi va mojaroga aralashmay iloji yo'q. Biroq avval Liviyadagi fuqarolar urushini tugatish zarur, deb hisoblaydi tahlilchi Labib Kamhaviy.

"Liviya ahli bir-biri bilan emas, jangarilarga qarshi kurashsin", - deydi u.