G’arb Rossiyaga qarshi proksi urush olib boryaptimi?

  • Amerika Ovozi

Fransiya, Germaniya va Polsha rahbarlari

Rossiyada o’tgan prezident saylovida g’alaba qozongan Vladimir Putin Ukrainada xorijiy yollanma jangchilar borligidan xabardor ekanini aytarkan, agar NATO qo’shinlari Ukrainaga safarbar etilsa, 3-jahon urushi boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-mart, 2024-yil

G’arb davlatlari Ukrainadagi urushning eng boshidan beri Kiyevga harbiy yordam uzatib turadi. Fransiya Prezidenti Emannuel Makron endi Ukrainaga NATO askarlarini yuborish ehtimoli haqida og’iz ochmoqda.

“Makron bu bilan rus qo’shinlarini chekintirmoqchi, NATO aralashishi mumkin deya Rossiyani sarosimaga solmoqchi bo’ldi. Biroq Makron buni NATOdagi a’zo davlatlar bilan maslahatlashmay gapirgani uchun ularning o’zi ham sarosimaga tushib qoldi”, - deydi o’tmishda AQSh harbiy razvedkasida ishlagan Matt Shumeyker.

Biroq Nyu-Yorkdagi “Sufan” tahlil markazi eksperti Shon Staynbergning aytishicha, ayrim NATO askarlari allaqachon Ukrainada harakatlanmoqda.

“Nazarimda, Ukrainada NATO maslahatchilari bor yoki ukrain maxsus kuchlari tarkibida NATOga a’zo ayrim davlatlardan maslahatchilar bor. Ammo menimcha, maslahatchilarni Rossiya kuchlariga qarshi to'g'ridan-to'g'ri kurashuvchi AQSh va NATO qo'shinlaridan ajratib turadigan ulkan qizil chiziq bor”, - deydi mutaxassis.

AQShning iste’fodagi vitse-admirali, ayni paytda Sirakyuz universitetida ishlovchi Robert Murretning aytishicha, AQSh harbiylarini dunyoning turli chekkalarida topish mumkin, lekin hammasini ham jang qilyapti deb bo’lmaydi.

"AQShning har bir mamlakatdagi elchixonasida vakolatxona xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi harbiylar bo’ladi. Ukrainada ham ular kam miqdorda bor”, - deydi u.

Ukraina siyosat instituti direktori Ruslan Bortnik NATO ertami-kech Ukrainaga qo’shin yuborishini aytadi.

"Rossiya Ukrainadan ancha katta. Ukraina urushda mag’lub bo’lish xavfi bilan yuzlashsa, mamlakatga xorijiy askarlarni safarbar qilish kerak bo’ladi”, - deydi Bortnik.

Uning nazarida, NATO tashkilot sifatida Ukrainaga qo’shin yubora olmaydi, biroq Fransiya, Polsha, Niderlandiya, Shvetsiya, Norvegiya, Daniya yoki Boltiq davlatlari mustaqil ravishda shunday qilishi mumkin.