Armaniston bosh vaziri namoyishlar bosimi ostida ishdan ketdi

  • Amerika Ovozi

Armaniston sobiq Prezidenti Serj Sarkisyan (chapda) va muxolifat yetakchisi Nikol Pashinyan

Armanistonda sobiq Prezident Serj Sarkisyanning bosh vazirlikka o’tib, hokimiyatni qo’lda saqlashga intilganiga qarshi bir necha kunlik namoyishlar natija berdi. Sarkisyan iste’foga chiqishga qaror qildi.

“Ko'cha harakati boshqaruvimga qarshi chiqdi. Ularning talablariga bo'yin egaman. Xalqimga qarshi kuch ishlatishni istamayman”, dedi u bayonot chiqarib.

Namoyishchilar 13-apreldan beri poytaxt Yerevan va boshqa shaharlarda norozilik bildirib kelmoqda. Muxolifat rahbari Nikol Pashinyan Sarkisyanni korrupsiyada, avtoritar boshqaruvda ayblamoqda.

Bugun namoyishchilarga askarlar ham qo’shildi. Sal avval mudofaa vaziri namoyishlarda qatnashgan harbiylarga qarshi qattiq choralar qo’llanishi haqida ogohlantirgan.

Kecha Nikol Pashinyan va uning safdoshlari hibsga olindi, ammo namoyishlar to’xtamadi. Pashinyan barchani itoatsizlikka, ish tashlashga chaqirdi. U namoyishlarni "Baxmal inqilob" deb atadi.

Sarkisyanning iste’fo haqida e’lon qilishi ko’plar uchun kutilmagan hol bo’ldi. 2008-yildan 2018-yilgacha prezident bo’lgan bu arbob bir necha kun oldin bosh vazirlikka tayinlangani muxolifat g’azabini keltirdi.

Chorshanba kuni 15 ming odam, yakshanba kuni esa 50 ming odam namoyishga chiqdi.