Assad Suriyani tark etmoqchi emas

  • Amerika Ovozi

Halab, Suriya, 17-oktabr, 2012-yil.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad Rossiyaning xorijiy tillarda uzatiladigan “Russia Today” axborot kanaliga intervyu berib, mamlakatni tark etmasligini aytdi.

“Men Suriyada tug’ilganman, Suriyada o’laman”, - dedi u.

Assad fikricha, uning davlatiga qarshi chetdan hujum katta xato bo’ladi va mintaqa uchun salbiy oqibatlarga olib keladi.

Intervyu qisqartirilgan holda keltirilgan, to’liq suhbat juma kuni efirga uzatiladi.

Hafta boshida Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron Assadga mamlakatni tark etish uchun imkon beramiz, agar mojaroga chek qo’ysa, degan edi.

Muxolif guruhlar bugun Qatarda birlashgan muxolifat xususida muzokara qilmoqda. Avvaliga vaqtincha kengash tuzishga kelishilmoqda. Bu organning siyosiy qanoti muvaqqat hukumat yaratish bilan, harbiy qanoti esa Assadga qarshi isyon bilan shug’ullanadi.

Qo’shma Shtatlar Suriya muxolifatini tarqoqlikda ayblab kelgan. Guruhlar birlashmasa, moliyaviy yordam oshirilmaydi, degan edi.

Bu o’rtada Turkiya NATOdan Suriya chegarasida havo mudofaasi tizimini o’rnatishni so’ramoqchi. Anqara Suriyaning havo hujumlari ehtimoliga tayyor turish uchun.