Hamo yaqinidagi portlashda 34 odam o’ldi

  • Amerika Ovozi
Terrorchilar, deya yoritadi SANA davlat axborot agentligi, uch tonna bomba ortilgan mashinani portlatgan.
Suriyaning Hamo shahri yaqinida armiya nazoratidagi hududda mashina portlab kamida 34 odam o’lgan. Al-Hurra qishlog’idagi xurujda yana 50 odam jarohat olgani aytiladi.

Terrorchilar, deya yoritadi SANA davlat axborot agentligi, uch tonna bomba ortilgan mashinani portlatgan.

Suriya hukumati prezident Bashar al-Assadga qarshi kurashayotgan isyonchilarni terrorchi deb ataydi.

Huquq himoyachilari bugungi xuruj haqidagi xabarni tasdiqlayapti. Ularning aytishicha, qurbonlar soni 37 kishini tashkil qiladi. O’lganlar soni oshishi mumkin, chunki ko’plarning jarohati og’ir.

Twitter tarmog’idagi bayonotida isyonchilar hujum ularning ishi ekanini, hukumatga moyil kuchlar yig’ini nishonga olinganini aytmoqda.

2011-yildan beri beqaror Suriyada mashinalar portlashi kundalik holga aylangan. Shu kungacha ikki yarim million fuqaro qo’shni davlatlarga bosh olib ketgan.