Armaniston va Ozarbayjon bir-birini aholi punktlarini nishonga olayotganlikda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Ozarbayjonning Mingachevir shahriga tushgan snaryad

Ozarbayjon va Armaniston Tog’li Qorabog’da bir-biriga qarshi harbiy harakatlarni davom ettirar ekan, Ozarbayjonning Ganja, armanlar nazoratidagi Qorabog’ning Stepanakert va Shusha shaharlari o’qqa tutilgani aytilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 5-oktabr, 2020-yil

Videotasvirlarda bu shaharlardagi vayronalarni ko’rish mumkin, tinch aholi nobud bo’lmoqda.

Ozarbayjon prezidentining yordamchisi Hikmat Gajiyevning aytishicha, so’nggi kunlarda arman tarafi shaharlar va qishloqlarga qarata 10 mingdan ortiq o’q-dori otgan, raketa va artilleriya qo’llanmoqda.

Armaniston Mudofaa vaziri David Tonoyan Ozarbayjon hujumlariga javob berilayotganini aytadi.

“Agar Ozarbayjon harbiy qo’mondonligi va siyosiy rahbariyati aholi punktlarini o’qqa tutishni lozim deb topgan bo’lsa, Qorabog’ mudofaa armiyasi zudlik bilan javob berishga tayyor”, - dedi u.

Tomonlar tinch aholini nishonga olmayotganini, faqat harbiy inshootlar va askarlarga zarba berayotganini da’vo qiladi.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Yerevandan qo’shinlarni chiqarish jadvalini talab qildi.

Unga ko’ra, Qorabog’ning Jabroyil shahri va Jabroyil tumanidagi to’qqizta qishloq ozod etilgan va u joylarda Ozarbayjon bayroqlari qadalgan. Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bizga yettita shart qo’ydi. Kimsan bizga shart qo’ygani? Hali tiz cho’kib, sulh so’rab, yolvorasan”, - dedi Aliyev.

Uning aytishicha, Ozarbayjon nafaqat Tog’li Qorabog’dan, balki Armaniston hududlaridan ham raketa hujumiga uchramoqda.

Armaniston Mudofaa vazirligi Qorabog’dagi hududlar Ozarbayjon nazoratiga o’tganini inkor etarkan, bunday xabarlarni soxta deb atadi.

Anqaraga tashrif buyurgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg tomonlarni sulhga chaqirdi.

“Tog’li Qorabog’ va uning atrofidagi vaziyatga harbiy yechim yo’q. Mojaroni tinch, muzokara orqali hal qilish yo’lini topishimiz kerak”, - dedi u.

Stoltenberg bilan muloqot qilgan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho’g’lining aytishicha, Tog’li Qorabog’ xalqaro qonunlar va BMT rezolyutsiyalariga ko’ra Ozarbayjonga qarashlidir va Armaniston darhol u yerdan chiqib ketishi kerak.

“Bizga Ozarbayjondan bunday iltimos tushgani yo’q, ammo yordam so’rab murojaat qilishsa, biz bunga tayyormiz”, - dedi vazir.

Bu o’rtada Eron Tashqi ishlar vazirligi beshta snaryad uning hududiga tushganini ma’lum qilarkan, Tehron Ozarbayjon va Armanistonni ogohlantirdi. Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatidagi bir tuman hokimiga ko’ra, so’nggi kunlarda chegaraga yaqin qishloqlarga snaryadlar tushmoqda, 6 yashar bolaning yaralangani aytilmoqda. Eron ham Ozarbayjon bilan, ham Armaniston bilan chegaraga ega.

Tehron ikki davlat rasmiylari bilan maslahatlashib, sulh rejasi ishlab chiqqanini bildirdi.