Ozarbayjon muxolifati Bokuda namoyish o'tkazgan, hibsga olinganlar ko'p

  • Amerika Ovozi

Bokuda namoyish

Muxolifat kechagi chiqishlarda prezident Ilhom Aliyevni diktaturada ayblab, iste'foga chiqishni talab qilgan.

Yakshanba kuni Ozarbayjon poytaxti Bokuda ruxsatsiz namoyish qilganlikda ayblanib, muxolifatning 65 a'zosi hibsga olingan. Muxolifat esa 100 dan ziyod qo'lga olinganini aytmoqda. Ular orasida shvetsiyalik jurnalistlar ham bor. Politsiyaning aytishicha, 25 kishidan tashqari hibsga olingan namoyishchilarning barchasi ozod etilgan.

Muxolifat chiqishlarda prezident Ilhom Aliyevni diktaturada ayblab, iste'foga chiqishni talab qilgan.

Yamanda esa yuz minglab odamlar prezident Ali Abdulla Solih iste'fosini talab qilishda davom etmoqda. Poytaxt Sanoda xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni o'qqa tutib, kamida 45 kishini yaralagan.

Juma kuni prezident Solih nutq so'zlab, namoyishchilarga qo'shilgan ayollarni tanqid qilgan edi. Ayollarning erkaklarga qo'shilib yurishi islomga zid, degan edi u. Namoyishchilar uning nutqini ayollarni kamsitish deb bilib, bugungi chiqishlarda qoralagan.

Kecha sobiq tashqi ishlar vaziri Muhammad Basindva boshchiligidagi muxolifat delegatsiyasi Saudiya Arabistonida Fors ko'rfazi kengashiga a'zo davlatlar rasmiylari bilan uchrashib, hukumat bilan muloqot shartlari haqida gaplashgan. Yaman muxolifatining asosiy talabi shuki, prezident Solih lavozimidan ketishi shart.

Liviyada esa Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar Misrata shahrida 17 kishini o'ldirib, sharqdagi Ajdabiyani artilleriyadan o'qqa tutgan. Isyonchilar chekinishga majbur bo'lgan. Misrata yetti haftadan beri qamalda. BMT gumanitar ahvol yomonlashgani haqida xabar bermoqda. Tashkilot Liviya hukumati bilan kelishib, insonparvar missiyalar uchun korridor ochishga kelishib olgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti urush qilayotgan tomonlarni sulhga chaqirmoqda. Bosh kotib Pan Gi Mun va uning gumanitar masalalar bo'yicha bosh vakili Valeri Amos mamlakat g'arbidagi talofatlardan afsusda ekanini aytgan.