Qo’shma Shtatlar Bag’dodiyning taqdiridan bexabar

  • Amerika Ovozi

Abu Bakr Bag'dodiy

Xalqaro koalitsiya kuchlarining Iroqdagi qo’mondoni general-leytenant Stiven Taunsend “Islomiy davlat” jangari to’dasi yetakchisi Abu Bakr Bag’dodiyning o’limini tasdiqlab bera olmadi, ammo haqiqatan nobud bo’lganiga umid qilmoqda.

Unga ko’ra, Ba’gdodiyning taqdiri nima bo’lishidan qat’i nazar guruh hanuz Iroqning bir qismini nazorat qilib turibdi va uni yengish oson bo’lmaydi.

"Bag’dodiy o’likmi, tirikmi, xabarim yo’q. Uning qayerdaligi ham noma’lum”, - dedi AQSh generali.

Bag’dodiy o’lgan bo’lsa, deydi u, guruhga boshqa kimdir rahbarlik qilyapti va jangarilar ruhini tushirmaslik uchun uning o’limi oshkor etilmayapti.

Britaniyada joylashgan suriyalik faollar seshanba kuni Bag'dodiyning o'lgani haqida xabar tarqatgan edi. Daishning 46 yashar yetakchisi 2014-yildan beri ko'rinmagan.

Taunsendning aytishicha, Qo’shma Shtatlar hozircha Iroqdagi qo’shinlari sonini oshirmoqchi emas, biroq xalqaro kuchlarni uzoqroq qoldirish bitimi ustida muzokaralar ketmoqda.