Baltimorda olti politsiyachiga qarshi jinoyat ishi ochildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Baltimor politsiyasi 25 yoshli Freddi Grey ishi yuzasidan o'tkazgan tekshiruvi xulosalarini shtat prokuroriga taqdim etgach, qora tanli yigitning o'limiga aloqadorlikda ayblanib, olti politsiyachiga qarshi jinoyat ishi ochildi. Tergov davom etayotgani uchun tafsilotlar oshkor etilmayapti. Shahar ma'muriyati ayni paytda aholini tinchlanishga undamoqda. Shaharda esa namoyishlar davom etmoqda. "Amerika ovozi" Baltimor ahli bilan shu haqda muloqot qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Baltimor ahli politsiyadan norozi, Behzod Muhammadiy

Qora tanli oilalar farzandlariga politsiyadan ehtiyot bo'lishni o'rgatadi.

"Har bir politsiyachi yomon, demayman. Hammasi ham yaxshi emas", - deydi Kristofer Martin ismli baltimorlik.

U singari ota-onalarning xavotiri oxirgi voqealardan keyin yanada oshdi.

Politsiya zo'ravonligiga qarshi namoyishlarda Kristofer Martin qallig'i Katira va ikkita yosh farzandi bilan qatnashdi. Yosh avlod norozilikni tinch yo'l bilan bildirishni o'rgansin, deydi u.

Ammo ular tungi namoyishlardan ehtiyot bo'lishadi. Shu haftaning o'zida politsiya yuzlab odamni hibsga olgan.

"Grey bilan bog'liq mojaro kuchayar ekan, onam ko'chaga chiqma, uyda bolalaring bilan o'tir, dedi", - deydi Kristofer.

2014-yilgi tekshiruvga ko'ra, Baltimor politsiyasi so'nggi yillarda uning qo'lida aziyat chekkanlarga olti million dollarga yaqin tovon puli to'lagan. Zo'ravonlikka uchraganlarning aksariyati qoralar.

"Politsiyaning munosabatida gap ko'p. Bolaning rangi boshqacha bo'lsa, ular darhol o'zgaradi. Yoshlarga qanday munosabat qilish shunga qarab farqlanadi. Har bir qora odam farzandi bilan shu muammoga yo'liqadi. Qizlarga uncha indashmaydi, lekin o'g'il bolalarga yo'l berishmaydi. Mashina haydash yoshiga yetdingizmi, nishonga aylanasiz. Bor gap shu", - deydi huquq faoli Maykl Myullen.

Professor Tanya Sharpning aytishicha, farzandlar bilan politsiya haqida suhbatlashish muhim.

"Ota-onalar uchun bu juda muhim, ular bu haqda ochiq muloqot olib borishi kerak. Albatta, yoshiga mos tarzda. Ammo atroflarida nima bo'layotgani haqida ochiq gaplashish kerak", - deydi u.

Politsiyaga bo'ysunishni ham o'rganish lozim, deydi sobiq politsiyachi Rob Veynhold.

"Ota-onalar farzandlariga huquq-tartibot organi vakillari bilan yuzlashganda, ularning buyruqlariga diqqat qilishni ham o'rgatishi kerak. Vaziyatni yomonlashtirmaslik uchun kerakli hamma narsani qiling. Bu qaltis jarayon. Shu damlarda ko'p narsa xato yoki to'g'ri qilinishi mumkin", - deydi u.

Baltimorda yuz bergan zo'ravon namoyishlarda maktab o'quvchilari ham qatnashdi. 11 yoshli Sheyn Karter ularga qo'shilmaslikni afzal ko'rdi, lekin u ham politsiyachilardan norozi.

"Politsiyachilar qotil emas, deb o'ylar edim. Lekin hozir qotillikka qo'l urishyapti. Ular qotillarni ushlashadi, qotillik qilmaydi, deb hisoblardim", - deydi bola.