Baltimor shahrida sekin-asta tartib tiklanyapti

  • Amerika Ovozi

AQShning Baltimor shahridagi to’polonlardan keyin asta-sekin tartib tiklanmoqda. Port shahar ahli qora tanli bir yigitning politsiya qo’lida halok bo’lganidan g’azabda.

U yerda komendant soati e’lon qilingan, minglab askar va politsiyachilar ko’chalarni nazorat qilayapti. Oddiy odamlar zo’ravonlikni qoralab, muammoni kuch bilan hal qilib bo’lmaydi, deydi.

“Hayot yana iziga tushib ketadi, albatta. Bunga ishonchim komil", - deydi Jerard Miller ismli fuqaro. "Lekin muammolar o’zidan-o’zi hal bo’lmaydi. Jamoa bo’lib birgalikda harakat qilishimiz kerak. Bu yerdagi illatlarni faqatgina fojia ro’y berganda muhokama qilish yaramaydi”.

Baltimor meri Stefani Rolings-Bleyk odamlarga dalda berishga harakat qilmoqda.

“Tungi talon-taroj va tartibsizliklar biz kimligimizni aks ettirmaydi, deb ko’pchilik hasharga chiqdi. Bu voqealar qora kun sifatida tariximizga kirmasin”, - deydi u.

Politsiyaning bildirishicha, avvaliga tinch o’tgan namoyishlarga uyushgan jinoiy guruhlarning a’zolari kelib qo’shilganidan so’ng vaziyat izdan chiqqan.

"Aslida politsiyachilarni maktabdagi bir tadbirni kuzatish uchun yuborgan edik. 13, 14 va 15 yoshdagi o'smirlar qatnashayotgan tadbirga nahotki qurollangan guruhni yuborsak?", - deydi politsiya so'zlovchisi Erik Kovalchik.

Baltimorda maktab va bizneslar bir necha kundan beri yopiq. Yirik sport musobaqalari bekor qilingan. Bir haftalik komendant soat joriy etilgan. Kech soat 10 dan ertalab 5 gacha ko’chaga chiqish man etilgan. Favqulodda holatlar bundan mustasno.

Isyonga turtki bergan voqea 25 yoshli Freddi Greyning o’limidir. Politsiya uni hibsga olayotganda umurtqa pog’onasiga shikast yegan.

So’nggi oylarda AQShning boshqa shaharlarida ham politsiya qora tanlilarni otib yoki urib o’ldirgan hollar ko’p kuzatilgan.

“Baltimor ahli uchun kuyinaman, fojialarni boshdan kechirgan boshqa jamoalar uchun achinaman", - deydi baltimorlik Sintiya Grin. "Yoshlar qonunbuzarlik girdobiga tortilib ketdi. Ular g’azabda ekanini tushunaman, go’yo ularni hech kim eshitmayapti. Lekin norozilikni tinch ravishda bildirish mumkin axir”.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, jamiyatda chuqur ildiz otgan muammolar bor.

“Ularni hal qilish faqatgina huquq-tartibot idoralari zimmasida emas. Politsiya o’z faoliyatini qayta ko’rib chiqishi kerak. Jamoatchilik orasida ham tushuntirish ishlari olib borilsin deyman. Bir yoqadan bosh chiqarib, hal qilaylik”.

Talon-taroj va tartibbuzarlik esa jinoyat, deydi prezident, va javobgar shaxslar aniqlanib jazoga tortiladi.