Belarus muxolifati saylovda ovozlar soxtalashtirilganini da'vo qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka nomzod Svetlana Tixanovskaya

Belarusda o’tgan hafta 5 kun davom etgan prezident saylovlarida mamlakatni 1994-yildan beri boshqarayotgan rahbar Aleksandr Lukashenko yana g’alaba qozondi. Saylov komissiyasiga ko’ra, u 80 foiz ovoz olgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 10-avgust, 2020-yil

Saylov natijalaridan norozi minglab odam poytaxt Minskda ko’chaga chiqib namoyish qildi, politsiya bilan to’qnashdi. Namoyishchilarga qarshi suv, ko’zni yoshlantiruvchi gaz, karaxt qiluvchi granatalar qo’llandi.

Muxolifat Lukashenkoning koronavirus pandemiyasi, iqtisodiyot, inson huquqlariga doir siyosatini tanqid qilmoqda.

Xorijiy saylov kuzatuvchilari Belarusdagi saylovlarni 1995-yildan beri nazorat etishdan bosh tortib keladi.

Namoyishchilar Lukashenkoning saylovdagi raqibi, sobiq o’qituvchi Svetlana Tixanovskayani g’olib deb bilmoqda. Nomzodning o’zi ham saylov komissiyasi e’lon qilgan raqamlarni tan olishdan bosh tortyapti. Uning saylovchilarning salkam 10 foizi ovoz bergani aytilmoqda.

37 yashar Tixanovskayaning turmush o’rtog’i Sergey Tixanovskiy prezidentlikka nomzod sifatida ro’yxatdan o’ta olmaganidan so’ng uning rafiqasi may oyida hujjatlarni topshirib, rasman nomzod bo’ldi. Rafiqasining saylov shtabiga raislik qilgan tadbirkor va blogger bir necha bor hibsga olindi.

Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, jami saylovgacha 1300 dan ziyod odam, jumladan kuzatuvchilar va Tixanovskaya saylov shtabining boshqa a’zolari ushlandi.

Yakshanba kuni Minskdagi namoyishlarda esa 3000 ga yaqin odam hibsga olingani aytilmoqda.

Lukashenko namoyishlarni tanqid qilib, mamlakatni bo’lib qo’yish harakatlariga qarshi qattiq chora ko’rilishini bildirdi.

Tixanovskaya ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilarkan, Lukashenkodan hokimiyatni tinch yo’l bilan topshirishni talab qilyapti.

Polsha Belarusdagi saylovlarni muhokama etish maqsadida Yevropa Ittifoqining favqulodda sammitini chaqirdi.

Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Belarusga yangi sanksiyalar qo’yish kerakligiga ishora qildi.

"Yevropa Ittifoqi oldingi sanksiyalarni bekor qilganida Belarusdagi ayrim jarayonlarni hisobga olgan edi. Masalan, siyosiy mahbuslarning ozod etilganini. Ammo so’nggi kunlardagi voqealar bu masalaga yangidan nazar tashlashga majbur qilyapti. Germaniya, Fransiya va Polsha saylov erkin va shaffof bo’lishiga chaqirgan, ammo so’nggi kunlardagi zo’ravonliklar, do’q-po’pisalar, hibsga olishlardan bu narsani ko’rmayapmiz. Ertaga Moskvaga borganda bu masalani ko’taraman. Ko’chada tinch namoyish qilayotib hibsga olingan odamlarning ozod etilishini talab qilamiz”, - dedi Maas.