Yevropa Ittifoqi Belarusni sanksiyalardan ozod etishga kelishdi

  • Amerika Ovozi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko o'g'li Nikolay bilan saylov uchastkasida, Minsk, 11-oktabr, 2015-yil

Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Belarusga qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlashga qaror qildi.

Fransiyaning Yevropa masalalari bo'yicha davlat kotibi Arlem Dezir buni Belarus hukumatining bir necha siyosiy mahbusni ozod etgani va saylovlarning tinch muhitda o'tgani bilan tushuntirmoqda.

"Biz bu mahbuslarning ozod etilishini bir necha oydan beri so'rab kelgan edik. Kuzatuvchilarimiz saylov qanday o'tgani haqida yakuniy hisoboti ustida ishlamoqda", - deydi Fransiya ramiysi.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko olti siyosiy dissidentni Yevropa uchun kutilmaganda qamoqdan chiqarishni buyurdi. Ulardan biri 2010-yilgi prezident saylovlari ketidan qamalgan nomzod Nikolay Statkevich.

Ayrimlar buni Lukashenkoning G'arb bilan munosabatlarni yaxshilashga intilishi bilan izohlamoqda.

Yakshanba kungi saylovlarda ham Lukashenko g'olib bo'ldi. Salkam 84 foiz ovoz bilan u beshinchi muddatga saylandi.

Qolgan uchta nomzod minimal ovoz to'plagan.

Sanksiyalar 31-oktabrda yangi muddatga uzaytirilishi kerak edi, biroq Yevropa rasmiylariga ko'ra, avval uzaytirilish qarori qabul qilinadi, so'ng esa sanksiyalar darhol olib tashlanadi.