Belarusda namoyishlarning 50-kuni. Na Lukashenko, na namoyishchilar bo'sh kelyapti

  • Amerika Ovozi

Yakshanba kuni Belarus poytaxti Minskda yana 100 mingga yaqin odam ko’chaga chiqib, Prezident Aleksandr Lukashenko iste’fosini talab qildi. Ichki ishlar vazirligi kamida 200 odam ushlanganini ma’lum qildi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 28-sentabr, 2020-yil

9-avgust kuni o’tgan prezident saylovlarida Lukashenko rasmiy ma’lumotlarga ko’ra 80 foiz ovoz olgan, biroq muxolifat va saylovchilarning bir qismi uni ovozlarni soxtalashtirganlikda ayblamoqda.

Namoyishlar yana 9 ta shaharda o’tgan. Sharqdagi Gomel shahrida militsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz va karaxt qiluvchi granata qo’llagan.

Lukashenko saylovda halol yutganini da’vo qilarkan, o’tgan hafta ommaga e’lon qilmasdan qasamyod marosimini o’tkazdi.

Yevropa Ittifoqi, Britaniya va Qo’shma Shtatlar namoyishchilarga qarshi zo’ravonliklarni qoralamoqda. Ittifoq Lukashenkoni prezident sifatida tan olmasligini bildirdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Lukashenkoni hokimiyatdan ketishga chaqirdi.

Lukashenko G’arbni uni ag’darish harakatida ayblarkan, Fransiyada ikki yil oldingi “sariq nimchalar” namoyishidan so’ng Makronning o’zi prezidentlikdan ketishi kerak edi deb, qarshi hujumga o’tdi.

Belarusda muxolifat a’zolarining bir qismi qamoqda, ba’zilari mamlakatni tark etishga majbur bo’lgan, boshqalari Belarusdan haydalgan.

Prezident saylovlaridan so’ng Litvaga ketishga majbur bo’lgan sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya inauguratsiya marosimini keskin qoraladi.

Uning aytishicha, xalq saylagan rahbarning qasamyod marosimi bayram bo’lishi kerak, Lukashenko qasamyod marosimidan so’ng esa hibsga olishlar, ta’qiblar, zo’ravonliklar kuzatildi.

Tixanovskaya xalqni namoyishlarni to’xtatmaslikka chaqirdi.

Bu o’rtada muxolifatning yana bir vakili, adabiyot sohasida Nobel mukofoti laureati Svetlana Aleksiyevich Germaniyaga tibbiy muolaja uchun yo’l oldi. Uning vakili Tatyana Tyurina Aleksiyevich Belarusga qaytishini ta’kidladi.