"Nyu-York Tayms": Liviyada Amerika elchisini o'ldirgan Al-Qoida emas

  • Amerika Ovozi

2012-yil sentabrida Liviyadagi xuruj paytida o'lgan AQSh elchisi Kristofer Stivens

Amerikaning nufuzli “Nyu-York Tayms” gazetasi o’tgan yili Liviyaning Bing’ozi shahrida AQSh elchisining o’limiga Al-Qoida aloqador ekaniga dalil topa olmaganini ma’lum qildi.

Gazeta bir necha oy davomida mustaqil tergov o’tkazib, Kristofer Stivens mahalliy jangarilar qo’lidan o’lganini xulosa qiladi. 2012-yil sentabrida AQSh konsulligiga uyushtirilgan xurujda yana uch amerikalik nobud bo’lgan edi.

“Nyu-York Tayms” nazarida Amerika razvedkasi o’sha payt faqat Al-Qoida bilan shug’ullangani bois boshqa to’dalarga e’tibor bermagan bo’lishi mumkin.

Liviyada Al-Qoidadan tashqari G’arbga qarshi guruhlar bo’lib, Bing’ozidagi xuruj Amerikada ishlangan islom dinini haqoratlovchi filmga javob sifatida ko’rilishi mumkin, deyiladi gazetada.

“Nyu-York Tayms”ning da’vo qilishicha, konsullikka uyushtirilgan xuruj ortida o’z vaqtida Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiyga qarshi NATO havo hujumlaridan foyda ko’rgan jangari yetakchilari turibdi.

Gazeta muxbiri tergov davomida xurujdan xabari bor bing’oziliklar bilan suhbat qilgan.

Avvaliga Obama ma’muriyati fuqarolarini g’azablangan omma o’ldirgan, deya xulosa qilgan edi. Ammo Kongressdagi respublikachi qonunchilar ma’muriyat keltirgan bu sababdan qoniqmasdan uni xuruj oldini ololmaganlikda, sust razvedkada ayblagan.

Respublikachilar nazarida voqea 11-sentabrda ro’y bergani uchun uni Al-Qoida amalga oshirgan. O’sha payt davlat kotibi bo’lgan Xillari Klinton qonuchilardan ko’p dakki yegan edi.