AQSh zobitining Tolibon asirligidan qutqarilgani tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Bou Bergdalning ota-onasini Oq uyda qarshilamoqda, Vashington, 31-may, 2014-yil

Yaqinda Tolibon qo’lida salkam besh yil saqlangan amerikalik serjant muzokaralar yordamida ozod etildi. Biroq ayrim qonunchilar Obama ma’muriyatining buning evaziga Guantanamodan besh mahbusni ozod etish qarorini tanqidga olmoqda.

Serjant Bou Bergdal afg’on-Pokiston chegarasida ayirboshlandi. Prezident Barak Obama Oq uyda uning ota-onasini qabul qilib, xursandchiligini baham ko’rdi.

"Barcha amerikaliklar nomidan aytmoqchimanki, o’g’lingizning bag’ringizga qaytishini sabrsizlik bilan kutmoqdamiz", - dedi Obama ularga.

Onaizor minnatdorchilik bildirdi.

"O’g’limni qo’llab-quvvatlagan har biringizdan roziman. Uning ozod etilishiga ajoyib insonlar hissa qo’shdi", - dedi Jeni Bergdal.

Kimdir xursandchilik qilsa, kimdir Bergdalning ozod etilishi qimmatga tushganini tanqid qiladi va Tolibon bilan bu kabi kelishuv jangarilarni ruhlantirib, amerikaliklarning hayotini yanada xavf ostiga qo’yishi mumkinligini aytadi.

"Terrorchilar bilan kelishib, Tolibon rahbarlaridan besh nafarini ozod etib xato qilyapmiz. Serjant Bergdal bu terrorchilarni ushlash uchun xizmat qilgan" , - deydi respublikachi senator Ted Kruz.

"U amerikaliklarga bevosita yoki bilvosita tahdid solgan yoki ularni o’ldirgan odamlarni to’xtatish uchun kurashib, jonini fido qilgan safdoshlariga nima degan bo’lar edi? Axir, zobitlarimizni Afg’onistonga shu maqsadda jo’natmaganmidik".

Obama ma’muriyatining tanqidlarga javobi shuki, serjant Bergdal asir bo’lgan, garovga olinmagan.

"Jang maydonida qolib ketgan fuqarolarimizni qutqarish uchun qo’limizdan kelganini qilish muqaddas burchimiz. Respublikamiz tashkil topganidan beri shunday. Burchimizga hamisha sodiq bo’lganmiz. Agar 21-asrda munosabatimiz o’zgarib, urush asirlarini qutqarmasak, qo’l siltasak, Amerika xalqi va qurolli kuchlarimizning ishonchini yo’qotamiz", - deydi milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi Syuzan Rays.

Afg’onistonga yo’l olayotib mudofaa vaziri Chak Xeygel Syuzan Raysning fikrini qo’llab-quvvatladi va toliblar bilan kelajakda ham ba’zi kelishuvlar bo’lishi mumkinligiga ishora qildi.

Prezident Obama xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etgach, u yerda salkam 10 ming askarni qoldirmoqchi. Agar yangi saylangan prezident AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolasa.