Bayden tashabbuslari Kongressda ko'rib chiqiladi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Jo Bayden Kongressga taqdim etgan qator qonun loyihalari muhokamada ekan, ba’zilarini tasdiqlatish oson bo’lmaydi. Umumiy qiymati salkam 4 trillion dollarlik hujjatlar qanday to’siqlarga uchrashi mumkin?

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 4-may, 2021-yil

Prezident Baydenning “Amerika ish o’rinlari rejasi” deb nomlangan 2,7 trillion dollarlik qonun loyihasi kelasi bir necha haftada Kongressda muhokama etiladigan hujjatlardan.

Davlat rahbarining mamlakat yo’llari va ko’priklarini qayta qurishni, internet tezligini oshirishni, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashni o’z ichiga olgan tashabbusi muxolif respublikachilar tanqidiga yo’liqmoqda.

“Bayden soliq, xarajat va nazorat hisobiga farovonlikka erishaman deb o’ylayapti”, - deydi senator Jon Kennedi.

Bu qonun loyihasining muhokamasi qizg’in kechishi kutilmoqda.

“Politsiya tizimi islohoti, qonun nazorati va immigratsiyaga doir qonun loyihalari hozircha chetga surib qo’yiladi deb o’ylayman. Barcha diqqat “Amerikacha oila rejasi” va infratuzilmaga oid qonun loyihalariga qaratiladi. Yolg’iz mana shu ikkita hujjat bilan ko’p narsalarga erishsa bo’ladi”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Keysi Burgat.

O’tgan yili Jorj Floydning o’limi ketidan politsiya islohotiga doir qonun loyihasi Senatda qabul qilinmadi. Bayden qonunchilarga hujjatni yana bir bor ko’rib chiqishni taklif etmoqda.

“Huquq-tartibot idoralari va aholi o’rtasidagi ishonchni tiklashga yana bir harakat qilishimiz kerak. Keling, kelasi hafta Jorj Floyd o’limining bir yilligiga atab shu ishni bitiraylik”, - dedi Bayden.

Demokratlar yil boshida immigratsiya tizimini isloh qilishga qaratilgan qonun loyihasini ham Kongressga kiritgan. Mavjud siyosiy qarshilikni hisobga olganda bu hujjat qismlab qabul qilinishi mumkin.

“Siyosatchilarning immigratsiya islohoti haqida gapirayotganiga 30 yildan oshdi, ammo haligacha hech narsa qilingani yo’q. Masalani hal qilish vaqti keldi”, - deydi Bayden.

Ba’zilar nazarida, ayrim qonunchilar hujjat muhokamasini cho’zish hisobiga uning ovozga qo’yilishiga qarshilik ko’rsatadi. Bunday harakat “filibaster” deb ataladi. Unga to’siq qo’yish uchun kamida 60 ta ovoz kerak.

“Filibasterni deb ko’p ishni uddalab bo’lmaydi. Ayrim qonun loyihalarini ovozga qo’yish uchun partiyalarda filibasterni to’xtatishga yetarlicha ovoz to’planarmikan”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Molli Reynolds.

Qonunchilar e’tiborini davlat byudjeti va keyingi yil noyabrida bo’ladigan oraliq saylovlarga qaratmasidan oldin Bayden va demokrat qonunchilar yoz mavsumida barcha qonun loyihalarini Kongressdan o’tkazib olishga harakat qiladi.