Amerika qonunchilari 2 ta yirik hujjatga kelisha olmayapti

  • Amerika Ovozi

Jo Bayden

AQSh Prezidenti Jo Bayden o’tgan hafta qonunchi partiyadoshlarini bo’lib qo’ygan qonun loyihalarini tasdiqlatish uchun targ’ibotni davom ettirishi kutilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 4-oktabr, 2021-yil

“Qachon bo’lsa ham bu ishni oxirigacha yetkazamiz”, - dedi u.

Yo’llar, ko’priklar, magistrallarni ta’mirlashga qaratilgan 1,2 trillion dollarlik infratuzilmani rivojlantirish paketi Senatdan o’tgan.

Biroq Vakillar palatasida Demokratik partiyaning progressiv a’zolari partiyadoshlari atrof-muhit, ta’lim, bolalar uchun xarajatlarni o’z ichiga olgan 3,5 trillion dollarlik ijtimoiy xarajatlar paketiga kelishmasa, infratuzilma paketiga ovoz bermasligini bildirgan.

Spiker Nensi Pelosi qonun loyihalarini ovozga qo’yishni kechiktirishga majbur bo’ldi. Biroq bu palatadagi mo’tadil qonunchilarga yoqmadi.

Ijtimoiy paketga qarshi chiqayotgan respublikachilar demokratlarni sotsialistik g’oyalarni olg’a surayotganlikda ayblayapti.

Vakillar palatasida yengil ustunlikka ega demokratlar kattaroq qonun loyihasini tasdiqlatmoqchi bo’lsa, partiya birligini kuchaytirishiga to’g’ri keladi.
“Har ikki qonun loyihasi bir paytda qabul qilinishi kerak. Birga”, - dedi demokrat senator Berni Sanders.

Vakillar palatasida ikki haftaga tanaffus e’lon qilingan. Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Prezident Bayden partiyadoshlaridan kattaroq qonun loyihasini ixchamlashtirishni, 3,5 trilliondan 2,1 trillionga tushirishni so’ragan.