Bayden ma'muriyatining migratsiya siyosati natijasida muhojirlar oqimi kuchaygan

  • Amerika Ovozi

Tramp ma’muriyatining “Migrantlarni himoya qilish protokoli” dasturi to’xtatilganidan beri minglab muhojir siyosiy boshpana olish maqsadida AQShga kirishga muvaffaq bo’ldi. Yana minglab qochqinlar AQSh chegarasida to’planmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 23-mart, 2021-yil

Meksikaning Siudad Xuares shahridagi lagerda yashayotgan gonduraslik bir migrant AQShga borish uchun o’z navbatini kutmoqda.

“Men chegaradan noqonuniy o’tishga harakat qilmagan oz sonli odamlardanman. Chunki Amerikaga borishni istayman, ishlashga ruxsat olishni xohlayman”, - deydi Xose Raul Estrada Zabala.

Bayden Tramp dasturini bekor qilishi ketidan siyosiy boshpana olishga ariza bergan Zabala va yana yuzlab da’vogarlarning hujjatlari endi boshqacha ko’riladi.

“Migratsiyaning asl sababini uzoq muddatda kompleks ravishda hal qilish zaruratini tan oladigan, janubiy chegaramizdagi muammolar bilan shug’ullanishga qaratilgan yondashuv bu. Siyosiy boshpana berish tizimi o’zgaradi”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi Emili Mendrala.

Tramp dasturiga ko’ra AQShga kira olmayotgan 2000 dan ortiq odam dastur bekor qilinishi ketidan fevral oyidan beri Amerikaga kirishga muvaffaq bo’ldi.

Bu o’rtada janubiy chegarani noqonuniy kesib o’tishlar ko’paygan. Ichki xavfsizlik vazirligi va Chegara patruliga ko’ra, fevral oyida salkam 100 ming odam, jumladan ko’plab yolg’iz o’smirlar chegarada ushlangan.

“Bu 2019-yilga qaraganda, oldingi yillarga qaraganda ancha ko’p. Men bundan xavotirdaman, chunki inqiroz bilan yuzlashamiz, ayniqsa COVID-19 paytida”, - deydi demokrat kongressmen Henri Kullar.

Bayden ma’muriyati bir yil oldin joriy etilgan va pandemiya tufayli chegaradan o’tishni taqiqlovchi favqulodda qoidani hozircha bekor qilgani yo’q. Shunga qaramay, Texas shtatining chegara hududlarida yashovchi aholi muhojirlar oqimidan xavotirda.

“Bir uchastkada 7 kunda 10 ming odamni, 2 kunda esa 2500 kishini ushlashdi. Raqamlar o’sib bormoqda. Chegarachilar bu odamlarni COVID-19 ga tekshiryaptimi? Aholi shundan bezovta”, - deydi q`onunchi.

Oq uy rasmiylari migrantlar va ayniqsa bolalar o’z hayotini xavf ostiga qo’yib shimoldan xavfli sayohatga chiqmasligi uchun chegarani yopiq ushlab turibdi. Bayden ma’muriyati, shuningdek, Tramp prezidentligi paytida ota-onalaridan ajratilgan bolalarni oilalari bilan qovushtirishga qaratilgan dasturni tiklamoqda.