Bayden Ukrainada islohotlar va barqarorlikka urg'u berdi

  • Amerika Ovozi

Kiyev, 7-dekabr, 2015

AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden Kiyevda Prezident Petro Poroshenko, Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk va fuqarolik jamiyati faollari bilan muloqot qildi. Islohotlarni tezlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish kerak, deya undadi Bayden.

Rossiyaparast separatistlar bilan imzolangan sulh shartlari bajarilishini ta'minlash haqida ham gap bordi.

AQSh vitse-prezidenti deydiki, Rossiya chegaradosh hududlarda barqarorlikni ta'minlash yo'lida samimiy va jadal harakat qilishi lozim. Shuningdek, deydi u, Qrim Ukrainaga qaytarilishi kerak.

Hozirda Ukraina sharqida to'qnashuvlar davom etayotgan bo'lsa-da, avvalgidek ko'lamda emas. Qo'shma Shtatlar bu davlatga bu yili 450 million dollar yordam ajratgan, shuning yarmi xavfsizlikni ta'minlashga sarflanmoqda.

AQSh va Ukraina o'rtasida qo'shma harbiy mashqlar yo'lga qo'yilgan. Amerikalik 300 murabbiy mahalliy armiyani treningdan o'tkazmoqda.

Amerika ittifoqchisiga eskirgan qurol-aslahani yuborgani haqida xabarlar paydo bo'ldi. "Vashington Post" gazetasiga ko'ra, Ukraina maxsus kuchlari uchun AQSh yuborgan zirhli mashinalar 1980-90 yillarda ishlab chiqarilgan.

Rossiya bo'lginchilarga berayotgan qurol-aslaha sifati ancha yuqori, deyiladi maqolada.

Pentagonning qayd etishicha, Ukrainaga jo'natilgan harbiy yordam, xususan qurol va mashinalar yangi bo'lmasa-da, mavjud talablarga javob beradi.