AQSh Ukrainaga 50 million dollar va'da qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Jo Bayden (oldingi planda) va Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk Kiyevda, 22-aprel, 2014-yil

Kecha Kiyevga borgan AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden Ukraina muvaqqat rahbarlari bilan uchrashib, Qo’shma Shtatlar ularni qo’llab-quvvatlashi haqida ma’lum qildi.

Unga ko’ra, yangi hukumat korrupsiyaga qarshi samarali kurashsa, mamlakatni birlashtira oladi.

AQSh Ukrainaga Rossiya tabiiy gaziga tobelikdan qutulishda madad beradi, dedi Bayden.

AQSh vitse-prezidenti texnik yordam sifatida Ukrainaga 50 million dollar ajratilishini ma’lum qildi.

Shundan 11 million dollar 25-mayga rejalangan saylovlarni o’tkazish uchun sarflanadi, yana sakkiz million dollar esa harbiy anjomlar uchun.

Rossiya va Ukraina Donetsk viloyatidagi Slavyansk shahrida uch kishining otib ketilishida bir-birini ayblamoqda.

AQSh Davlat departamenti Ukraina hukumatidan olingan fotosuratlarni chop etib, unda Rossiya maxsus kuchlari tasvirlanganini aytadi.

Rossiya bu ayblovlarni inkor etmoqda va sharqiy viloyatlarda qurollangan odamlarning barchasi mahalliy aholi vakillari ekanini aytmoqda.

Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning qonunchilarga aytishicha, Ukraina bilan bog’liq G’arb sanksiyalarining ta’siri qattiq bo’lmaydi.

“Fuqarolarimizning siyosiy o’yin va dushmanona harakat qurbonlari bo’lishiga yo’l qo’ymaymiz”, - dedi u.

Medvedevga ko’ra, hukumat sanksiyalarning salbiy oqibatlarini yumshatishga qodir va tashqi bozor mahsulotlariga tobe bo’lgan mahalliy sanoatchilarni qo’llab-quvvatlashga tayyor.

“Yevropa Ittifoqi bilan savdoni bo’shashtirmaymiz, ammo boshqa bozorlar bilan ham hamkorlikni kuchaytiramiz”, - dedi bosh vazir.

Qo’shma Shtatlar Moskva Ukraina sharqida vaziyatni yumshatish uchun qadam qo’ymasa, unga qo’shimcha sanksiya joriy etilishini aytmoqda.