Bayden Tramp farmonlarini bekor qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama ma’muriyatida 8 yil vitse-prezidentlik qilgan Jozef Bayden endi o’zi ham davlat rahbariga aylandi. 78 yashar arbob Amerikaning 46-prezidenti sifatida qasamyod keltirdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 21-yanvar, 2021-yil

“Demokratiya nozik narsadir. Bugun, do’stlarim, demokratiya g’alaba qozondi”, - dedi u.

Bayden mamlakatni birlashib, olg’a qadam tashlashga da’vat etdi.

"Siyosat o’z yo’lida hamma narsani vayron qiladigan otashin olov bo’lishi shart emas. Har bir kelishmovchilikdan keyin urush qilish shart emas. Dalillar bilan o’ynashadigan va hatto ularni o’ylab chiqaradigan madaniyatdan voz kechishimiz kerak”, - dedi yangi rahbar.

Bayden prezidentligining ilk kunlaridanoq qator muammolar bilan yuzlashmoqda. 400 mingdan ziyod amerikalikni nobud qilgan koronavirus pandemiyasi shulardan biri.

“Virusning balki eng qiyin va halokatli davriga qadam qo’yayapmiz. Siyosiy o’yinlarni chetga surib, virusga qarshi bir xalq bo’lib kurashish vaqti keldi”, - dedi Bayden.

Vitse-prezidentlikka saylangan sobiq senator Kamala Harris ham shu kuni qasamyod keltirdi. U Amerika tarixida bu lavozimga kirishgan nafaqat ilk ayol, balki oq tanli bo’lmagan ilk arbob ham bo’ldi.

Saylovda ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilgan va mag’lubiyatini tan olishdan bosh tortgan endilikda sobiq prezident Donald Tramp so’nggi 160 yilda inauguratsiya marosimini boykot qilgan ilk rahbar bo’ldi.

Bayden o’z nutqida Tramp tarafdorlariga ham murojaat qildi.

“Meni va vujudimni anglashga harakat qiling. Shunda ham rozi bo’lmasangiz, mayli, shunday bo’la qolsin. Axir bu – demokratiya, bu – Amerika. Tinch yo’l bilan norozilik bildirish huquqi bor”, - dedi yangi prezident.

Bayden kelasi kamida ikki yil davomida Kongress bilan muammosiz ishlash imkoniyatiga ega, chunki ham quyi, ham yuqori palatada uning partiyadoshlari hukmron.

Bayden Oq uyda birinchi kundanoq ishga kirishib, Donald Trampning iqlim o’zgarishi, immigratsiya, pandemiyaga qarshi kurashga doir ayrim farmonlarini bekor qildi.

Xususan, AQSh iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan Parij bitimiga qaytdi, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bilan aloqa tiklandi, ayrim musulmon davlatlar fuqarolarining Amerikaga kirishiga qo’yilgan cheklov olib tashlandi, irqiy tenglikni ta’minlashga doir tashabbus olg’a surildi, Amerikaga bolaligida noqonuniy ravishda olib kirilgan odamlarni deportatsiyadan himoya qilish choralari kuchaytirildi, Meksika bilan chegarada devor qurilishi to’xtatildi.

Bayden, shuningdek, federal idoralarda niqob taqish va ijtimoiy masofaga rioya qilishga doir farmon imzoladi.

Yaqin kunlarda Bayden yana bir necha farmonlar imzolaydi, yangi qonun loyihalarini Kongressga taqdim etadi, ma’muriyatiga xodimlarni tayinlaydi.