Amerikadagi eng katta xonadon

  • Amerika Ovozi

Amerikadagi eng katta xususiy uy Biltmor koshonasi hisoblanadi. Bu xonadon Shimoliy Karolina shtatining Ashvil shahri yaqinida. Hashamatli saroy Amerikaning eng boy oilalaridan biri Vanderbilt sulolasiga tegishli.

Your browser doesn’t support HTML5

Amerikadagi 255 xonali eng katta uy

Uy hanuz ularning avlodlari qo'lida. Koshona bezaklari, arxitekturasi 19-asrdagi fuqarolar urushi va I Jahon urushigacha bo’lgan davrni aks ettiradi. Bu xonadonni ko’rishga sayyohlar ishqiboz.

Biltmor koshonasini 1890-yillarda Jorj Vanderbilt bobosidan qolgan merosga qurgan. Oila boyligi temir yo'l biznesidan kelgan.

255 xona va 65 ta kaminga ega hashamatli saroy o’sha davr boylarining to’kin-sochin hayotini ko’rsatadi. U paytlarda mamlakat boyligining uchdan bir qismi boylar qo'lida bo'lgan. 40 foiz aholi esa qashshoqlikda umr kechirgan.

Jorj Vanderbilt tashrif buyuruvchilarni ham binoning ko’rinishi, ham bezaklari bilan lol qoldirishni istagan va buning uddasidan chiqqan.

“Til ojiz. Yaqindan kelib qaraganda xonadonning haybati, qilingan mehnat, hunarmandchilik ishlariga qoyil qolasiz. Kimdir yashagan-da bu uyda!”, - deydi sayyohlardan biri.

“Bu ziyofatlar zali. Ship juda baland, zal 1500-yillardagi gilamlar bilan bezatilgan. Vanderbilt oilasi bu joydan rasmiy uchrashuvlar, bayramlarda foydalangan”, - deydi Malori Flin, xonadonni nazorat qiluvchi xodima.

Biltmor xonadonida hozir konsertlar, ko’rgazmalar o’tkaziladi. Kelgan sayyohlar kitoblar, san’at asarlari bilan bezatilgan xonalar, bejirim zinalar va uyning arxitekturasini zavqlanib tomosha qiladi.

“Hozir odamlar antiqa uy yaratishga vaqt sarflashdan ko’ra, bir xil uylarni ko'p miqdorda qurishni afzal ko'radi”, - deydi yana bir sayyoh.

“O’tmishda hayot, tabaqalanish qay darajada bo’lganini bilgan yaxshi, albatta. Hamma narsa yuqori tabaqadagi boylar qo’lida, ular nazoratida bo’lgan. Quyi tabaqa qiynalgan”, - deydi Niki ismli ayol.

Bunday antiqa koshonalar o'tmishdagi boylar va qashshoqlar hayotidagi kontrastni ochib berish uchun yaxshi misol bo'la oladi.