Oq uy mehmonxonasi - Bleyer Xaus 

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Oq uyga qo’shni Bleyer Xaus mehmonxonasi - AQSh diplomatiyasi tarixida muhim rol o’ynagan dargoh. Prezidentning eng yuqori darajali mehmonlari bu yerda turadi. O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev ham 2018-yilda Vashingtonga tashrif buyurganida Bleyer Xausda to’xtagan edi.

Oq uy ro’parasidagi Bleyer Xaus deb atalmish bino uzoq va afsonaviy tarixga ega.

“Har bir xonasining o’z hikoyasi bor. Binodagi eng tarixiy xona bu - asosiy vestibyuldagi Avraam Linkoln kabineti. Prezident Linkoln o’sha yerda Bleyer oilasi bilan ko’p vaqt o’tkazgan”, - deydi bino kuratori Kendis Shayerman.

Bleyer Xaus 1800-yillarda siyosat markaziga aylangan. O’shanda Prezident Endryu Jekson jurnalist va noshir Fransis Preston Bleyerga “Globe” gazetasini hukumatparast gazetaga aylantirishni taklif etadi. Bir necha yil o’tmay, Bleyer va uning oilasi shu binoga ko’chib kiradi. Mehmonxonaga uning nomi berilgan.

“U juda yaxshi muharrir bo’lgan. O’tkir tahririy maqolalari va gazetaning muvaffaqiyati unga mashhurlik olib kelgan, prezidentning maslahatchisiga aylantirgan. Ko’plab siyosatchilar Bleyer bilan suhbatlashish uchun shu binoga kelardi”., - deydi Shayerman.

1940-yillarda Bleyer Xaus prezidentning mehmonlari turadigan joyga aylangan.

“Ikkinchi jahon urushi paytida Vinston Cherchil AQShga tez-tez qatnab, Oq uyda tunar edi. Bir kuni u ertalab soat 3 da turib, qo’lida sigarasi bilan Ruzveltning yotoqxonasiga kirmoqchi bo’ladi. Prezidentning rafiqasi Eleanor uni to’xtatib, “janob bosh vazir, nahotki ertalabgacha kuta olmaysiz?” deb so’ragan. Bleyer Xaus hukumat tomonidan xarid qilinib, prezident mehmonxonasiga aylanganiga qisman shu voqea ham sabab bo’lgan”, - deydi suhbatdosh.

O’shandan buyon bu yerda ko’pgina muhim siyosiy voqealar ro’y bergan. Masalan, Koreya urushiga kirish haqidagi qaror ham shu binoda qabul qilingan.

120 xonadan iborat Bleyer Xaus an’anaviy mehmonxona emas. Har bir xona Bleyer oilasidan qolgan mebellar bilan jihozlangan. Shuningdek, antikvar buyumlar, san’at asarlari, bu yerda turgan mehmonlarning sovg’alari bilan bezatilgan.

Mehmondo’stlik nishonasi sifatida Bleyer Xausda Amerika bayrog’i o’rniga mehmon kelgan davlatning bayrog’i osib qo’yiladi.

Xalqaro mehmonlardan tashqari, Bleyer Xaus AQShning yangi prezidentlari inauguratsiyadan bir kun oldin turadigan joy hamdir. Yangi rahbar, 1977-yilda boshlangan an’anaga ko’ra, mehmonlar kitobini boshlab beradi.