Oq qog'oz - norozilikning yangi ramzi

  • Amerika Ovozi

So’nggi paytdagi namoyishlarda toza qog’oz ko’tarib chiqish norozilikning yangi ramziga aylandi. Buni Xitoy va AQSh ko’chalarida ham ko’rsa bo’lardi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-dekabr, 2022-yil

Xitoy bo’yicha amerikalik ekspert Perri Link buni “oq qog’oz inqilobi” deb ataydi.

“Maqsad avtoritarizmga qarshi norozilik bildirish”, - deydi u.

Inson huquqlari faoli Yan Jianlining aytishicha, oq qog’oz namoyishchining repressiv jamiyatda fikrini ayta olmasligini bildiradi.

“Yuqori siyosiy bosim ostida odamlar hech narsa demasa-da, bir-birini yaxshi tushunadi. Ko’chada to’planib turgan odamlarni ko’rganda bir qarashdayoq nima deyishmoqchi ekanini yaxshi bilishadi. Bunday norozilik tez tarqaladi, qimmat emas, xavf ham yuqori emas”, - deydi faol.

Xitoyda hukumatning COVID cheklovlariga qarshi noroziligi o’nlab yillar davomida eng yirik namoyishlarga olib keldi. Cheksiz lokdaunlardan to’ygan xalq Urumchidagi yong’indan so’ng ortiq uyda qamalib o’tirishni istamadi. COVID cheklovi sabab qulf solingan imoratdan yong’in paytida ayrim odamlar chiqolmay nobud bo’lgani mamlakatni larzaga soldi.

Oq, toza qog’oz bilan qurollangan fuqarolar ko’chaga chiqdi.

“Bunday usulning samarasi shuki, o’quvchi uning ma’nosi yuzasidan xulosa chiqarishi oson. Bu ham himoyadir. Chunki politsiya kelib, “nima deyapsan?” deb so’rasa, “hech narsa deganim yo’q” deb javobgarlikdan qutulib qolish mumkin”, - deydi Link.

Kommunistik partiya jamiyatdagi norozilikni matbuot senzurasi va hibsga olishlar bilan yopishga harakat qildi.

Tahlilchi Linkning taxmin qilishicha, iqtisodiyotdagi muammolar mamlakatda yangi namoyishlarga turtki berishi mumkin. Yoshlar orasida ishsizlik hozir 20 foiz atrofida ekan, oq qog’oz hali yana kerak bo’lib qolishi mumkin.

Namoyishlar ketidan Xitoy hukumati COVID cheklovlarini yumshatishga majbur bo’ldi.

Bundan keyin koronavirus alomatlari yengil yoki umuman alomatlari yo’q odamlarga karantinda uyda o’tirishga ruxsat beriladi, mamlakat ichida sayohat qilish uchun ortiq test topshirish shart bo’lmaydi.

Oddiy aholi bundan xursand, ammo ayrim mutaxassislar virus yuqtirish hollari ko’payishidan xavotirda.

Hukumatning ushbu qaroridan so’ng ichki sayohat ommaviylashishi bashorat qilinmoqda. Sayyohlik kompaniyalarining ma’lum qilishicha, internetda sayyohlik manzillariga aviachipta qidiruvi 7 karra faollashgan.

Ko’plar yanvar oyida Xitoy yangi yil bayrami paytida sayohat qilmoqchi.

Xorijiy biznes tashkilotlar hukumat qarorini olqishlab, sekinlashgan iqtisodiy o’sishga foyda bo’lishini, bu esa o’z navbatida global iqtisodiyotga ijobiy ta’sir qilishini bildirishdi.