Blumberg ko'mirga qarshi 64 million dollar ajratdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Blumberg kelajakni qanday ko'radi?

Milliarder va saxovatpesha tadbirkor Maykl Blumberg AQShda ko'mir zavodlari sonini kamaytirishga qaratilgan loyihalar uchun qo'shimcha 64 million dollar ajratadi. Mablag' toza energiya manbalarini rivojlantirish ustida ishlayotgan tashkilotlarga beriladi. Ayni paytda Tramp ma'muriyati Obama davrida qabul qilingan ekologik dasturlarni bekor qilish niyatida.

Tramp ma'muriyati sobiq prezident Barak Obama davrida qabul qilingan Toza energiya rejasini "ko'mirga qarshi urush" deb atagan edi. Ko'mir konlariga tayanadigan shtatlarda ish o'rinlarini saqlab qolish uchun bu dastur bekor qilinishi kerak, deydi Tramp. Blumberg esa bunday fikrda emas.

"Ko'mirga qarshi urush bu Amerika sog'lig'i, iqtisodiyoti, tabiati va dunyodagi o'rnimiz uchun kurash. Vashingtondagilar nima desa desin, bu kurashda biz yengamiz", - dedi Blumberg.

Ko'mir zavodlaridan chiqadigan chang o'pka va yurak xastaliklariga sabab bo'lishi aytiladi. Ammo atrof-muhitni asrash Tramp ma'muriyati uchun prioritet masala emas. Atrof-muhitni himoyalash agentligi rahbari Skot Pryuitga ko'ra, "ko'mirga qarshi urush" tugadi.

"Toza Energiya rejasi bilan nimaga erishishdi? Noqonuniy ishlar qilishdi, 28 dan ortiq shtat, tashkilotlar ularni sudga berdi va Oliy sud yangi qoidalarni to'xtatdi", - dedi Pryuit.

Ammo Blumberg va uning hamfikrlariga ko'ra, ko'mir sanoatini Obamaning rejasi emas, balki muqobil energiya manbalaridan kelayotgan raqobat sindirmoqda.

"Ko'mirchilik bilan bog'liq ishlar endi qaytmaydi. Federal hukumat nazaridan chetda qolgan hududlar aholisini aldamang. Bu ishlarni qaytarish uchun soliq to'lovchilarning pulini sarflash o'lim va kasalliklarni oshiradi, xolos", - deydi Blumberg.

Nyu-Yorkning sobiq meri va saxiyligi bilan tanilgan Blumberg ayni paytda iqlim va shaharlar bo'yicha BMT maxsus vakili. Uning aytishicha, shaharlar va bizneslar toza energiya ishlab chiqarish bo'yicha tashabbusni qo'llariga olmoqda.

"Bu jarayonni tezlashtirib, 2020-yil oxirigacha ko'mir zavodlarining uchdan ikki qismini to'xtatmoqchimiz", - deydi Blumberg.

AQShda 600 dan ortiq ko'mirga ishlovchi elektr stansiyalari bor. Tabiiy gaz ommalashgandan beri ko'mirdan olinadigan energiya borgan sari kamayib bormoqda.