Jurnalist Bobomurod Abdullayev 20 yilgacha qamalishi mumkin

  • Amerika Ovozi

So'z erkinligi

Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullayev O‘zbekiston hukumatiga qarshi fitna uyushtirish, hukumatni ag‘darishga urinishda ayblanmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Jurnalist davlatga qarshi fitna bilan qamalishi mumkin

159-moddaning 4-bandiga muvofiq bu ayblov 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Jurnalistning hibs qilinishi ham, uning ustidan ketayotgan tergov jarayoni ham sir saqlanmoqda, uning o‘ziga va oilasiga ham tergov tomonidan bosim ko‘rsatilayotgani aytilmoqda. MXX tergov izolyatorida saqlanayotgan Abdullayevni ehtiyot chorasi sifatida qamoqda ushlash bo‘yicha qaror chiqargan mahkama ham yashirin, yopiq sud o‘tkazgan.

Jurnalist Bobomurod Abdullayevga qo‘yilayotgan ayblov bo‘yicha sud 1-oktabr kuni kechga tomon o‘tkazilgan. Shu kuni sudda ishtirok etish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudiga borgan faollar ham, jurnalistning turmush o‘rtog‘i ham sud qoldirilganligi vaji bilan ortga qaytarib yuborilgan edi.

Huquq himoyachisi Surat Ikromov ma’lumotlariga ko‘ra, sud shu kuni, kechga tomon o‘tkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Bobomurod Abdullayev 159- moddaning 4-qismi bilan O‘zbekiston hukumatini ag‘darish harakatida, hukumatga qarshi fitna uyushtirishda ayblanmoqda.

“O‘zbekiston hukumatiga qarshi ish olib borish, ya'ni "zagovor protiv vlasti" deyilgan. Buning yomon joyi shundaki, bu 10 yildan 20 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi. Albatta, buni isbot qilishadimi, yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin mening o‘ylashimcha, tergov davomida Bobomurodga nisbatan yana yangi ayblovlar qo‘yilishi ehtimoli bor. Ammo qanaqa moddalar, bilmayman. Lekin bu yerda davlatni to‘ntarishga urinish ayblovi haqida gap boryapti. Buning uchun esa qandaydir tashkilot bo‘lishi kerak yoki yana bir necha kishi bo‘lishi kerak. Bu ish bo‘yicha yana kimdir hibsga olinganmi, yo‘qmi noma’lum, hammasi sir tutilmoqda”, - deydi Surat Ikromov.

Huquq himoyachisiga ko‘ra, qamoqdagi jurnalistga, shuningdek, uning oilasiga ham bosim ko‘rsatilmoqda. Aynan shu bois ham Abdullayevning yaqinlari xususiy advokat xizmatidan voz kechishgan, qamoqqa olish bo‘yicha qaror chiqargan sud davlat tomonidan tayinlangan advokat ishtirokida o‘tkazilgan.

“Uni qamoqqa olish sanksiyasi bo‘yicha sud ham yopiq tarzda o‘tkazildi, yakshanba kuni, kechga tomon. Biz u yerga borib, MXX tergovchisi telefon qildi, keyini qaytib ketdik. Bobomurodning o‘ziga nisbatan ham, uning xotiniga nisbatan bosim o‘tkazilgan, ya’ni ular qanday bosim qilishadi, huquq himoyachilari bilan hamkorlik qilmang, baribir ular sizga hech narsa qilib bermaydi, biz o‘zimi yordam beramiz, deb”, - deydi Surat Ikromov.

“Amerika Ovozi” Bobomurod Abdullayevning turmush o‘rtog‘i Katya Balxiboyeva bilan bog‘langanda, u jurnalistning ishi haqida hech qanday ma’lumot bera olmasligini aytgan edi.

Mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullayev 27-sentabr kuni bedarak ketgan, ammo keyinchalik uning MXX izolyatorida saqlanayotgani ma’lum bo‘lgan edi.