Bolton Xalqaro jinoiy sudga do'q-po'pisa qilmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton Xalqaro jinoiy sud amerikalik harbiylarga qarshi ish ochsa, uni sanksiyalar bilan jazolashi haqida ogohlantirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 11-sentabr, 2018-yil - Bolton Xalqaro jinoiy sudga do'q-po'pisa qilmoqda

Gaagada joylashgan sud AQSh askarlarining Afg’onistondagi harbiy jinoyatlarini tergov qilmoqda. Boltonning aytishicha, sud noqonuniy idora bo’lib, Qo’shma Shtatlar u bilan hamkorlik qilmaydi.

Jon Boltonga ko’ra, AQSh Xalqaro jinoiy sudga a’zo emas, shu sabab Amerika fuqarolari bo’yicha qarorlarining yuridik kuchi yo’q. Amerika harbiylari Afg’onistonda mahbuslarga zulm qilgani haqidagi da’volarning tergov qilinishi AQSh suverenitetiga zid, deydi u.

“Qo’shma Shtatlar o’z fuqarolarini hamda ittifoqchilarimiz fuqarolarini noqonuniy sudning adolatsiz tergovidan himoya qilish uchun barcha choralarni ishga soladi”, - dedi Oq uy rasmiysi.

Boltonning aytishicha, sud betaraflikni ta’minlovchi mexanizmga ega emas. Venesuela va Kongo Demokratik Respublikasi kabi nodemokratik mamlakatlar hamda davlat maqomiga ega bo’lmagan Falastin Muxtoriyatining suddagi a’zoligi mantiqsiz, deydi u.

“Majburiyatlarimizni eslatish yoki qarorlarimizni tahlil qilish uchun Xalqaro jinoiy sudga ehtiyojimiz yo’q”, - dedi Bolton.

Ba’zi tahlilchilar Boltonning xalqaro sudga hujumi ortidagi mantiqni izohlashga ojizlik qilyapti, chunki amerikalik harbiylarning xalqaro sudda ko’rsatma berishini tasavvur qilish qiyin, deydi ular.

“Bir necha yillik tergov natijasida AQSh fuqarosiga qarshi yetarlicha dalil to’plansa ham, uni hibsga olishga order chiqarilsa ham, ayblanuvchi Xalqaro jinoiy sudga a’zo mamlakatlarga safar qiladi deb o’ylamayman, chunki shunday bo’lgan taqdirda u hibsga olinib, sudga topshirilishi kerak”, - deydi Xalqaro inqiroz guruhi eksperti Stiven Pomper.

Vashingtonlik tahlilchining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, sud bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgan mamlakat fuqarosiga qarshi dalil yig’ish o’ta qiyin. Bolton sobiq prezident Jorj Bush ma’muriyatida ishlagan chog’ida ham Xalqaro jinoiy sud bilan olishgan edi, hozir esa bu kurashni davom ettirmoqda, deydi Pomper.

“Boltonning bu gaplari AQSh va Xalqaro jinoiy sudga a’zo NATO hamkorlari orasiga sovuqlik solishi mumkin, chunki bu mamlakatlarning sud oldida xalqaro majburiyatlari bor”, - deydi mutaxassis.

Stiven Pomper Boltonning sud bilan hamkorlik qilgan ittifoqchi davlatlarga qarshi do’q-po’pisasini keskin tanqid qiladi. Xalqaro tashkilotlardan yuz o’girish yoki ularni pisand qilmaslik uzoq muddatda AQSh manfaatlariga javob bermaydi, chunki bu Amerikaning dunyo bo’ylab qadriyatlari va manfaatlarini targ’ib qilish harakatlariga pand beradi, deydi u.