Bolton Shimoliy Koreyani yadro yo'lidan qaytarish kerak, deydi

  • Amerika Ovozi

Prezident Trampning milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonning aytishicha, Shimoliy Koreya yadro qurollaridan hech qachon o’z xohishi bilan voz kechmaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 1-oktabr, 2019-yil

Yaqinda ishdan ketgan Boltonning fikricha, Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bunga aslo rozi bo’lmaydi. Bu mamlakatning BMT Bosh Assambleyasi yillik sessiyasida so’zlagan elchisi Qo’shma Shtatlarni yadroviy muzokaralarni paysalga solayotgan provokatsiyalarda aybladi.

Qo’shma Shtatlar Shimoliy Koreya yadro dasturidan voz kechsagina iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinishini bildirib keladi. Prezident Tramp Kim Chen Un bilan aloqa o’rnatishga muvaffaq bo’lganini, tomonlar Koreya yarimorolini yadrodan xoli qilish yo’lida hamkorlik qilayotganini aytadi.

Biroq Shimoliy Koreyaning BMTdagi elchisi Kim Sonning aytishicha, AQShning siyosiy va harbiy provokatsiyalari bois muzokaralarda olg’a siljish kuzatilmayapti.

“AQShning harakatlariga qarab, muzokaralar yo imkoniyatlarga yetaklaydi yo inqirozni kuchaytiradi”, - dedi elchi.

Boltonning aytishicha, Shimoliy Koreya yadro qurollaridan voz kechishni xayoliga ham keltirgani yo’q.

“Kim Chen Unning strategik qarori shuki, yadro salohiyatini qanday bo’lmasin saqlab qolish va hatto oshirish. Xalqaro sanksiyalar yumshasa, u ham ba’zi masalalarda yon berishi mumkin, biroq atom qurollaridan o’z xohishi bilan voz kechmaydi”, - dedi Bolton.

Joriy yilda Shimoliy Koreya bir nechta raketa sinovlari o’tkazdi, biroq 2017-yil sentabridan beri yadroviy sinovga qo’l urmadi. Tramp o’zini bunga sababchi deb biladi, lekin Bolton gap boshqa narsada, deydi.

“Yadroviy sinovlar yoki uzoq masofali raketa sinovlarining bo’lmayotganiga bir xavotirli sabab shuki, Shimoliy Koreya sinovlar tugab, yadroviy kallakchalar va uzoq masofali raketalar ishlab chiqarishga hozirmiz deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. Bu xavotir alomatidir”, - deydi Bolton.

Uning aytishicha, Shimoliy Koreyani yadro qurollaridan mahrum qilish kerak.

“Buning uchun harbiy kuch ishlatishga ham to’g’ri keladi”, - deydi u.

Prezident Tramp urushning oldini olishga harakat qilarkan, Bolton bilan Shimoliy Koreya, Eron va boshqa mavzularda til topisha olmayotganini aytib, o’tgan oy uni ishdan oldi va bu lavozimga garov bo’yicha muzokarachi Robert Obrayenni tayinladi.