Kitoblar xilma-xilligi yoshlar tarbiyasi uchun muhim

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlarda aholi yil-sayin xilma-xillashmoqda. 2045-yilga borib, mamlakatning oq tanli aholisi 50 foizdan oshmaydi. Shunday ekan, bolalar uchun kitoblarni ham xilma-xillashtirishga ehtiyoj bor. Ba’zilar hozirgi yosh avlod kelajagidan xavotirda.

Your browser doesn’t support HTML5

Kitoblar xilma-xilligi yoshlar tarbiyasi uchun muhim

So’nggi yillarda Amerikada ko’plab bolalar o’zlariga sirtdan o’xshamaydigan qahramonlar haqida hikoya qiluvchi kitoblar o’qib voyaga yetmoqda. Krista Aronson ana shunday bolalardan bo’lgan.

“Katta bo’lganimdan so’ng shuni angladimki, agar bolalagimda o’zimga o’xshagan bolalar haqida ko’proq ma’lumot olganimda edi, dunyoni kattaroq ishonch bilan aylangan bo’lardim. Begonalarga o’xshamasdan”, - deydi hozirda psixologiya professori bo’lib ishlayotgan mutaxassis.

Aronson xilma-xil kitoblarni topishga yordam beruvchu resursga asos soldi. (DiverseBookFinder.org)

“Bolalar o’zlari mutolaa qilayotgan adabiyotda o’z aksini ko’rganda jamiyatning ko’zga tashlanadigan va qimmatli a’zolari ekanini tushunishadi va by ularda o’zligiga doir ijobiy his-tuyg’u uyg’otishga yordam beradi”, - deydi olima.

“Xilma-xil kitoblar katalogi” veb sahifasi kutubxonachilar va kitobxonlarga bolalar haqida istalgan sarlavhada kitoblarni topishga yordam beradi.

Jeyson Gomer Massachusets shtatining xilma-xil irqqa mansub odamlar yashovchi rayonidagi kutubxona tizimini boshqaradi. Yosh kitobxonlar o’qiyotgan kitoblarida o’z aksini, boshqa madaniyatlarning sog’lom tasavvurini ko’rsin deyman, deydi u.

“Kitoblarning odamlar uchun ham oyna, ham ko’zgu bo’lishini istaymiz. Bolalar kitoblarda o’zini ko’rishini, boshqa madaniyatlarni ko’rishini xohlaymiz. Xilma-xillik har qanday kutubxona to’plamining muhim qismidir”, - deydi Gomer.

Filip Nel Kanzas davlat universitetida bolalar adabiyoti dasturini boshqaradi.

“Hamma bolalar mutolaa qilayotgan kitoblarida o’zini ko’rishni istaydi. Ular o’z hayotining muhim ekanini bilishi kerak. Fikrlaringiz, bosib o’tgan yo’lingiz, hayotingizning tan olinmasligi ma’naviy o’chirish bilan tengdir. Sizning ahamiyatsiz ekaningizdan dalolat bu”, - deydi professor.

Mutaxassislarning aytishicha, bolalar kitoblarida xilma-xillikning yetishmasligi nafaqat marginal guruhlardan chiqqan bolalar, balki barcha yosh kitobxonlarga zarardir.

“Bu aksariyat bolalar tasavvurlariga ziyondir. Oq tanli bolalar tasavvuri ham zarar ko’radi, chunki bunday yondashuv ularni o’zini koinot markazi deb o’ylashga, faqat ularning hayoti muhim deb o’ylashga undaydi. Bu ularga soxta ustunlik tuyg’usini singdiradi va hayotga irqchi ko’zi bilan qarashga yetaklaydi”, - deydi Filip Nel.

Bolalar tobora xilma-xillashayotgan dunyoda ulg’aygani sari har qanday tafovutlarni bartaraf etish imkoniga ega bo’lish ularning kelajakdagi yutuqlari uchun muhimdir.

“Bu o’ziga yarasha muskul bo’lib, uni har kuni ishlatish, u bilan mashq qilish kerak. O’zimdan farq qiluvchi odamlar bilan qanday muloqot qilishim va ishlashim bolalarimiz yutug’i va shu bilan birga, jamiyatimiz yutug’i uchun muhimdir”, - deydi Krista Aronson.

Bu esa rasmli kitoblar bolalar uchun yolg’iz o’yinchoq emasligini anglatadi.