Laxdar Braximiy Suriyada muvaqqat hukumat tuzishni taklif qilmoqda

  • Amerika Ovozi

BMT va Arab Ligasining Suriya bo'yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy Damashqda, 27-dekabr, 2012-yil

BMT va Arab Ligasining Suriya bo’yicha maxsus vakili Laxdar Braximiy shanba kuni Moskvada bo’lib, Suriyada zo’ravonliklarga chek qo’yish yo’llarini muhokama qiladi. Diplomatning aytishicha, buning uchun hokimiyat muvaqqat hukumatga topshirilib, saylovlarga tayyorgarlik ko’rish lozim. Braximiy shu hafta Damashqda bo’lib, prezident Bashar al-Assad bilan uchrashgan.

Muvaqqat hukumatga Assad kiradimi, yo’qmi, Braximiy bu haqda gapirmagan. Uning bu taklifiga Suriya hukumati qanday munosabat bildirgani ham ma’lum emas.

"Ayrimlar nazarida men Suriyaga Rossiya va AQSh taklif etgan reja xususida gaplashish uchun borganman. Ammo bunday reja yo’q ekanini ma’lum qilmoqchiman", - dedi Braximiy.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Aleksandr Lukashevichning aytishicha, Moskva Suriya hukumati va muxolifati bilan muloqotni kuchaytirmoqda. AQSh va G’arb davlatlari jarayonga jalb etilmagan.

Suriya Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Faysal Maqdad boshchiligidagi delegatsiya Moskvada Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan.

Lukashevichning aytishicha, Suriya hukumati muxolifatga qarshi kimyoviy qurol ishlatayotgani haqidagi da’volar asossiz. Bunday xabarlar xorijiy qo’shinlarning Suriyaga kiritilishiga turtki berish uchun tarqatilmoqda, deydi u.

Har ehtimolga qarshi NATO Turkiyada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatishga qaror qilgan.